Oksana Chusovitina Parij Olimpiadasiga tayyorgarlik koʻradi

Foto: POPSUGAR

Sport gimnastikasi Oʻzbekiston chempionatida tayanib sakrash dasturida Oksana Chusovitina gʻalaba qozondi. Bu haqda Milliy Olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Musobaqadan soʻng Oksana Chusovitina Parij-2024 Olimpiadasi haqida oʻylayotganini taʼkidladi.

“Bu haqida yaxshilab oʻylab koʻrdim va Osiyo oʻyinlaridan soʻng Parij-2024 Olimpiadasiga ham tayyorlanishga qaror qildim!”, — degan sportchi Olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmatiga.

Maʼlumot uchun, Oksana Chusovitina 8 bor Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etib, gimnastika tarixi va “Ginnesning rekordlari” kitobiga kiritilgan edi. Agar u Parij-2024 Olimpiadasida ham ishtirok etadigan boʻlsa, oʻz rekordini yaqin davr ichida hech kim yaqinlasha olmaydigan qilib yangilaydi. Yana ham hayratlanarlisi, oʻshanda u 49 yoshida bu ishni amalga oshirgan boʻladi.

Oksana Chusovitina sport gimnastikasi boʻyicha Olimpiya oʻyinlarida eng koʻp ishtirok etgan sportchi (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016, 2020) hisoblanadi. 1992-yil Barselonada oʻtgan Olimpiya oʻyinlari oltin medali sohibi, 3 karra Jahon chempioni. U yettita yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan yer yuzidagi yagona ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlari kitobiga kiritilgan. Tokiodagi olimpiada uning uchun sakkizinchisi edi.

2021-yil iyul oyida Oksana Chusovitina sportdagi faoliyatini yakunlagani haqida xabar berdi. Biroq keyinchalik oktyabr oyida esa u oʻz faoliyatini Oʻzbekiston uchun medalsiz yakunlay olmasligini taʼkidlab, sportga qaytishini eʼlon qildi. Gimnastikachi 2022-yilgi Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishini eʼlon qilgan edi. Yaqinda COVID-19 tufayli Xitoy mezbonlik qilishi kutilgan Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari qoldirilganligi haqida xabar berilgan edi.

Fikr bildirish

Latest from Blog