Yamanning sobiq prezidenti Ali Abdulla Saloh o‘zi rahbarlik qilayotgan “Umumxalq kongressi” partiyasining boshqa rahbarlari bilan Mag‘rib viloyatiga o‘tishga uringanda halok bo‘ldi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Sky News Arabia harbiy manbalarga tayanib, sobiq prezidentni poytaxt Sano yaqinidagi Sunxan aholi punktida isyonchi xusiylar o‘ldirganini bildirdi. Telekanalga ko‘ra, Saloh otishma boshlanib ketgani tufayli mashinadan chiqqanida boshiga o‘q tekkan.
“Umumxalq kongressi” partiyasining mansabdori ham sobiq davlat rahbari halok bo‘lganini tasdiqladi.
Yaman poytaxtida hukumatga qarshi urushda yaqingacha ittifoqdosh bo‘lgan isyonchi xusiylar va Saloh tarafdorlari o‘rtasida janglar davom etmoqda. Janglar oqibatida kamida 245 kishi halok bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Ali Abdulla Saloh Yamanni 1978-yildan 2011-yilgacha boshqargandi.