OAV: O‘zbekiston sanksiyalar tufayli Rossiyaga avtomobil sotishni to‘xtatdi

UzAuto Motors sanksiyalar rejimiga amal qilish doirasida Rossiyaga avtomobillar eksportini toʻxtatdi, deb xabar berdi Eurasianet nashri.

UzAuto Motors — General Motors (GM) guruhining Chevrolet avtomobillarini ishlab chiqaradi. Bu mashinalarda Janubiy Koreyada ishlab chiqariladigan yarimoʻtkazgichlar va mikrosxema qismlari mavjud boʻlib, Janubiy Koreya Ukrainaga harbiy bostirib kirgani munosabati bilan Rossiyaga kiritilgan Gʻarb sanksiyalariga qoʻshilgan.

“Shunday qilib, agar UzAuto Rossiya Federatsiyasiga avtomobil joʻnatishni davom etganida, uning Andijon yaqinidagi zavodiga butlovchi qismlar yetkazib berish toʻxtatilgan boʻlardi. Soʻnggi yillarda kompaniya ehtiyot qismlarni yetkazib berishda qiyinchiliklarga duch keldi”, — deb yozadi nashr.

Eurasianet GMʼning Detroytdagi (AQSh) bosh qarorgohi vakiliga tayanib maʼlum qilishicha, UzAuto Motors 9-martdan boshlab Chevrolet avtomobillarini Rossiyaga eksport qilishni toʻxtatgan.

Shundan soʻng kompaniya avtomashinalar yoki ehtiyot qismlarni tashish uchun Rossiya portlaridan foydalanishni toʻxtatganini tasdiqladi, ammo baribir Rossiyaga avtomobillarni sotish masalasini muhokama qilishdan bosh tortdi, — deb yozadi nashr.

2021-yilda chiplarning global yetishmasligi va logistika muammolari tufayli avtomobil ishlab chiqarishning qisqarishidan soʻng UzAuto Motors 2022-yilning yanvar-fevral oylarida avtomobil ishlab chiqarishni 17,5 mingtaga koʻpaytirib, 39,9 mingtaga yetkazdi, deya xabar bergandi Davlat statistika qoʻmitasi.

Joriy yilning dastlabki ikki oyida Oʻzbekiston 20,5 million dollarlik avtomobil eksport qildi, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 60,9 foizga kamdir.

Xorijdan yetkazib berishning kamayishi prezident Shavkat Mirziyoyevning koʻrsatmasi bilan ham boʻlishi mumkin. Davlat rahbari fevral oyida boʻlib oʻtgan yigʻilishda ichki bozorga avtomobil yetkazib berishdagi sustkashlikka toʻxtalib, 1-maygacha avtomobil sotib olishda navbatlarni bartaraf etish boʻyicha topshiriq bergan edi. Shuningdek, ichki bozorga koʻproq avtomobil yetkazib berish va butlovchi qismlar orqali yillik eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Fikr bildirish

Latest from Blog