OAV: Gulnora Karimova jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahrida sud eshituvlari boshlanadi

Yaqin kunlarda Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning toʻngʻich qizi Gulnora Karimova jinoyat ishi boʻyicha Toshkent shahrida sud eshituvlari boshlanadi, deb xabar qilgan xorij OAVlariga tayangan holda «Qalampir» nashri.

Foto: Getty Images

Shveytsariyalik tergovchilar kelasi hafta Gulnora Karimova bilan yuzma-yuz koʻrishish va u bilan bogʻliq korruptsiya va katta miqdorda pul oʻzlashtirish bilan bogʻliq ishni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekistonga kelishlari rejalashtirilgan edi. Ammo soʻnggi xabarlarga qaraganda, tashrif nomaʼlum vaqtga qoldirilgan.

Oʻzbekiston tomonidan xabar berilishicha, yaqin kunlar ichida Toshkentda Gulnora Karimova ishiga oid sud eshituvi oʻtkaziladi va shu sabab shveytsariyalik tergovchilar u bilan koʻrisha olmaydilar.

Hozircha bu haqda boshqa maʼlumotlar keltirilmagan. Qaysi sudda eshituv oʻtkazilishi va Gulnora Karimova qayerda ekanligi nomaʼlum.

Eslatib oʻtamiz, iyul oyida Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova jinoiy ishi boʻyicha toʻliq rasmiy maʼlumotni eʼlon qilgan edi. Unda qayd etilishicha, hozirda 12 ta xorijiy davlat hududida 1 mlrd 394,1 mln AQSH dollari, 63,5 mln yevro, 27,1 mln funt va 18,5 mln frank miqdordagi mablagʻ legallashtirilgan.

Gulnora Karimovaning korruptsiya va pulni oʻzlashtirish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etishdagi aybi uyushgan jinoiy guruh aʼzolari N.Sodiqov, R.Madumarov, Sh.Sobirov va boshqalarning, guvohlar, jabrlanuvchilarning koʻrsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 45 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlar va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari hamda ish boʻyicha toʻplangan boshqa dalillar bilan oʻz tasdigʻini topgan.

Gulnora Karimovaga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168, 178, 182, 189, 228 va 243-moddalari bilan ayblov eʼlon qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Latest from Blog