“Oʻzbektelekom” internet nega tez arzonlashmayapti degan savolga izoh berdi

«Oʻzbektelekom» AJ rahbariyati internet arzonlashishi yuzasidan izoh berdi.

Bugungi kunda provayderlar uchun tariflarning arzolashganligiga qaramasdan, internet foydalanuvchilari narxlarning pasayganligini deyarli sezishmayapti.

Foto: The Telegraph

Kompaniyaning marketing va savdo direktori Yevgeniy Vishnevskiy soʻzlariga koʻra, internet isteʼmolchilari uchun yakuniy narxiga taʼsir qiluvchi koʻplab omillar bor. Ayni vaqtda xizmat narxi sekin asta pasayib bormoqda.

«Bu eng dolzarb masalalardan biridir. Oʻtgan yilning oʻzida provayderlar uchun narxlar sal kam 12 marta arzonlashgan. Biz mustaqil ravishda internet uchun narxni shakllantirish bilan shugʻullana olmaymiz. Hozirgi kunda provayderlar va mobil operatorlarning jami harajatlarning qariyb 25 % tashqi internet-kanal harajatlari tashkil qiladi. Qolgan 75 % internet-kanal bilan bogʻliq boʻlmagan harajatlardir. Bu maʼlumotlarni yetkazish tarmoqlari, ushbu tarmoqlarni ekspluatatsiya qilish harajatlari hamda xodimlarga ish haqi kiradi» — dedi Vishnevskiy.

Internet-provayderlar uchun narx arzonlashgan hollarda, ular isteʼmolchilar uchun oʻsha darajada narxlarni arzonlashtira olmaydilar. Narx arzonlashadi, lekin shu nisbatlarda emas. Shu sababli «Oʻzbektelekom» tomonidan provayderlar uchun arzonlashtirilgan narxlar oddiy isteʼmolchilar uchun deyarli sezilmayapti.

Mutaxassisning fikriga koʻra, soʻngi yillar koʻrsatkichlari tahlil qilinganda, bu borada tendentsiya koʻzatish mumkin. Ayni shu paytlarda isteʼmolchilar uchun yakuniy narx koʻp marta kamaygan.

Bundan tashqari, Vishnevskiyning fikriga koʻra, foydalanuvchilar uchun internet yakuniy narxiga isteʼmol qilinadigan trafik ham taʼsir qiladi. Xorijiy mamlakatlar misolida solishtirganda, ularda internet bir necha barobar arzon. Buning asosiy sababi — resurslar ushbu davlatlarning ichida joylashganligi bilan izohlanadi.

«Oʻzbekistonda kontentning katta qismi mamlakat tashqarisida joylashgan. Bu oʻz navbatida internetning yakuniy narxiga taʼsir koʻrsatmoqda. Hozir qadamma qadam vaziyat oʻzgarmoqda, resurs koʻpaymoqda, tobora xorijiy trafik foiz ulushi kamaymoqda. Mahalliy kontentni yaratish bu nafaqat «Oʻzbektelekom»ning vazifasi balki ushbu bozorda faoliyat koʻrsatayotgan barcha ishtirokchilarining umumiy vazifasidir. Oʻylaymanki, kelgusida oʻzgarishlar boʻladi, lekin barchasi faqat bizga bogʻliq emas» — deb suhbatni yakunladi Vishnevskiy.

Eslatib oʻtamiz, bir kun avval «Oʻzbektelekom» kompaniyasi provayderlar uchun yangi tariflarni eʼlon qilgan edi. Endi 1 Mbit/s uchun internet-xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalar sal kam 62 dollar toʻlaydilar. Shunday qilib, yil boshidan provayderlar uchun internet narxi 2,5 baravarga kamaygan.

Fikr bildirish

Latest from Blog