15−17-oktabr kunlari Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari guruhi Buyuk Britaniyada razvedka boʻlinmalari oʻrtasidagi “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida ishtirok etdi.
Musobaqada 34 davlatdan 123 ta jamoa qatnashdi. “Kembriya patruli” musobaqasi 40 yildan buyon Uelsda anʼanaviy ravishda oʻtkazib kelinadi. Ushbu tanlov dunyo harbiy xizmatchilari ichida oʻtkaziladigan eng murakkab va nufuzli musobaqalardan biri hisoblanib, uni maxsus boʻlinmalarga saralash jarayoni bilan ham taqqoslashadi. Bunda asosiy eʼtibor harbiy xizmatchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligiga qaratilgan.
Ishtirokchilar Kembriya togʻlarida toʻliq jangovar qurollangan holda hech qanday navigatsiya vositalarisiz kamida 25 kg yuk bilan 70 km masofani bosib oʻtishda 1500 m balandlikka koʻtarilib, 1000 m tik nishablikni 48 soat ichida bosib oʻtishlari lozim.
2017-yilda mazkur musobaqada 29 mamlakatdan 139 ta jamoa qatnashgan edi. Unda birinchi marta ishtirok etgan mamlakatimiz Mudofaa vazirligi jamoasi faxrli ikkinchi oʻrinni zabt etgan boʻlsa, bu yilgi tanlovga qatʼiy tayyorgarlik va aniq maqsadlar bilan borgan hamyurtlarimiz mezbon davlat vakillari bilan shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy oldi.
Ikkinchi oʻrin Buyuk Britaniya, Hindiston va Fransiya jamoalariga nasib etgan boʻlsa, uchinchi oʻrinni Buyuk Britaniya va Qozogʻistondan kelgan jamoalar egalladi. Qiziqarli jihat, ushbu tanlovda Angliyaning 90 ta jamoasi ishtirok etdi.
Nufuzli musobaqada gʻolib boʻlgan hamyurtlarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida gʻoliblarni sharaflashga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi. Tadbirda mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Pavel Ergashev, mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy mamlakat elchixonalarining harbiy attashelari, gʻolib jamoa va ularning yaqinlari, davlat va jamoat tashkilotlarivakillari hamda oʻquvchi yoshlar ishtirok etdi.
22-oktabr kuni Mudofaa vazirligi markaziy apparatida “Kembriya patruli” tanlovining gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov mamlakatimizga oltin medallar bilan kelgan gʻolib jamoa aʼzolarini qutladi va oʻtgan yillarga nisbatan vazirlik qoʻshinlarida jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari bir necha marta ham sifat, ham soni boʻyicha koʻpaygani evaziga mana shunday yutuqlarga erishilayotganini taʼkidladi.
“Prezidentimizning joriy yilda Buxoro viloyatida joylashgan harbiy qismga tashrifi davomida oʻtgan yilda “Kembriya patruli” tanlovida ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan qoʻshin razvedkachilarimiz bu yilda, albatta, gʻoliblik shohsupasini egallab, yorugʻ yuz bilan Vatanga qaytishga vaʼda berishgandi va buning uddasidan chiqishdi.
Bir haqiqatni tan olishimiz kerak – bunday gʻalabaga Vatanni sevmasdan, unga sodiq boʻlmasdan erishib boʻlmasdi!,” – dedi Abdusalom Azizov.
Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan gʻolib harbiy xizmatchilarning ota-onalariga minnatdorchilik bildirildi. Toʻqqiz nafar tanlov gʻolibi Oʻzbekiston mudofaa vazirining “Namunali xizmati uchun” koʻkrak nishoni hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Shu kunning oʻzida zafar qozongan harbiy xizmatchilar va ularning yaqinlari uchun mudofaa vaziri nomidan bayram dasturxoni yozildi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Mudofa vazirligi qoʻshin razvedkachilari 2017 va 2018-yilda III va IV Xalqaro armiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, musobaqalarning “Qoʻshin razvedkasi aʼlochilari” tanlovida ikki yil davomida uchinchi oʻringa sazovor boʻlishgan edi.