Oʻzbekiston banklari GM Uzbekistan avtomobillari uchun avtokreditlar taqdim etishni vaqtincha toʻxtatdi, deb xabar bermoqda Uz24.

Xabarda aytilishicha, bu xabarni avtokredit beruvchi banklarning bosh ofislari tasdiqladi.
«Afsuski barcha kredit liniyalari qayta moliyalash stavkasi oshishi sababli yopildi», — dedi «Asaka» banki operatori.
«Avtokredit berish rostdan ham vaqtincha toʻxtatildi», — degan javob berildi «Aloqabank» koll-markazida.
«Faqat ikkilamchi bozordagi avtomobillar uchun kredit bermoqdamiz. Birlamchi bozor hozircha yopiq. Qancha muddatga yopiqligi nomaʼlum», — deb maʼlum qildi nashrga «Kapitalbank».
«Avtomobilga kredit bermayapmiz. Kreditlashtirish yopildi. Qachon ochilishi nomaʼlum», — deyildi «Trastbank» kreditlash boʻlimi tomonidan.
Avtomobil sotib olish uchun kreditlar shu yilning 1-iyunidan boshlab berilayotgandi. Kredit taqdim etish shartlari har bir bankda turlicha edi. GM Uzbekistanning jamoatchilik bilan aloqalar xizmati nashrga maʼlum qilishicha, kompaniya banklarning kredit siyosatiga hech qanday taʼsir oʻtkazmaydi.