Oʻzbekistonda zamonaviy injiniring markazi tashkil etiladi

«OʻzLITIneftgaz» AJ, Hyundai Engineering Co., Ltd va Enter Engineering PTE oʻrtasida Oʻzbekistonda qoʻshma korxona shaklidagi zamonaviy injiniring markazini yaratish yuzasidan bitim imzolandi, deb xabar bermoqda «Oʻzbekneftegaz» matbuot xizmati.

Foto: Uzbekneftegaz

Markazni tashkil etish haqidagi kelishuv Toshkentda boʻlib oʻtayotgan Global Oil & Gas Uzbekistan 2017 xalqaro koʻrgazmasi doirasida imzolandi.

«Ushbu innovatsion-injiniring markazini yaratishdan koʻzlangan asosiy maqsad alohida investitsion loyihalarga oid loyiha hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha pudratchi sifatida ishlarni bajarish uchun ixtisoslashgan markazni yaratishdan iborat», dedi hujjatlarni imzolash marosimida soʻzga chiqqan «Oʻzbekneftgaz» MXK boshqaruvi raisi Alisher Sultonov.

«OʻzLITIneftgaz» investitsion loyihalarning loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun eng nufuzli mahalliy va xorijiy ixtisoslashtirilgan loyihalash va injiniring tashkilotlarini hamda yetakchi mutaxassis va ekspertlarni jalb qiladi.

«OʻzLITI injiniring» innovatsion-injiniring markazining yaratilishi loyihalash jarayonlariga zamonaviy litsenziyalangan dasturiy mahsulotlar va xalqaro tajribaga asoslangan, loyiha ishlarini tashkil qilishning eng taraqqiy usul va texnologiyalarini joriy qilishga xizmat qiladi.

Fikr bildirish

Latest from Blog