Oʻzbekistonda yil oxirigacha 9 mingdan ortiq uy-joy foydalanishga topshiriladi

Oʻzbekistondagi qishloq massivlarida yil oxiriga qadar 9179 uy qurilishi yakunlanadi, bugungi kunga qadar 10 ming 431 arzon uy-joy foydalanishga topshirildi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida arxitektura va qurilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari yuzasidan Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi rahbarlarining hisoboti davomida maʼlum qilindi.

Foto: Uzbekistan24

Qishloq massivlarida yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun 2 trillion 35 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.

Ushbu uy-joylar boʻyicha muhtoj oilalarga 1 trillion 620 milliard soʻmdan ortiq ipoteka kreditlari 15 yil muddatga ajratilmoqda.

Dasturni amalga oshirish natijasida 2017-yil 19 mingdan ortiq qishloq oilasi shahardagidan qolishmaydigan shinam va zamonaviy uy-joyga ega boʻladi. 2018-yil ham qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida qariyb 20 ming arzon uy barpo etiladi.

Joriy yilda shaharlarda namunaviy loyihalar asosida 7 ming 919 xonadonli 191 koʻp qavatli uy qurilmoqda. Xususan, Toshkent shahrining Sergeli tumanida 102 koʻp qavatli arzon va qulay uy-joy qurilmoqda. Bugungi kunda 70 uyning qurilish ishlari yakunlandi va foydalanishga topshirildi. Jumladan, Toshkent viloyatining Angren shahrida 9 qavatli 162 xonadonli 4 ta hamda poytaxtning Sergeli tumanida 2 576 kvartiraga moʻljallangan 66 ta koʻp qavatli uy qurib bitkazildi va xonadon egalariga kalitlar topshirildi.

Dasturni amalga oshirish natijasida 2017-yil 8 mingdan ortiq shahar oilalari zamonaviy, shinam va qulay xonadonlarga ega boʻladi.

Kelgusi yillarda quriladigan uylar soni 1,5-2 barobar koʻpaytirilgan. Xususan, 2018-yil jami 15 ming 172 xonadonga ega boʻlgan 365 ta koʻp qavatli uy qurish koʻzda tutilgan.

Latest from Blog