Oʻzbekistonda Transport vazirligi tashkil qilinadi. Bu haqda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida topshiriq berilgan.

Hujjatga koʻra, Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi Hukumat komissiyasiga 2019-yilning 15-yanvariga qadar Transport vazirligi tuzish boʻyicha takliflar kiritish topshirilgan.
Yangi vazirlik transport sohasini tashkil etish va tartibga solishning barcha masalalari boʻyicha javobgar tashkilotga aylanadi.
Eslatib oʻtamiz, hozirda Oʻzbekistonda avtomobil transport agentligi faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Agentlik avtomobil transporti sohasida yagona texnik siyosatni amalga oshirish, avtomobil tashishlarini amalga oshirishning normativ-huquqiy va metodik bazalarini, shuningdek yoʻlovchilar va avtomobil transport obyektlari xavfsizligini tashkil etishni takomillashtirish, avtomobil transport xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish kabi oʻndan ortiq boshqa vazifalarni bajaradi.