Oʻzbekistonda valyuta olib kirish va olib chiqish qoidalari tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutani Oʻzbekiston bojxona chegarasi orqali olib kirish va olib chiqib ketish qoidalarini tasdiqlandi, deb xabar qildi Sputnik.

Foto: «Korrespondent Oʻzbekiston»

Yangi qaror talablariga koʻra, jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan 2 ming AQSh dollari ekvivalentidan ortiqcha miqdordagi naqd xorijiy valyuta unga deklaratsiya toʻldirish va bojxona organi xodimiga taqdim etish yoʻli bilan bojxona nazoratidan oʻtkaziladi.

Bunda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida olib kirilayotgan yoki olib chiqib ketilayotgan naqd xorijiy valyutaning jami summasi koʻrsatiladi. Jismoniy shaxsning xohishiga koʻra ekvivalenti 2 ming AQSh dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd xorijiy valyuta deklaratsiyalanishi mumkin.

Oʻzbekiston tashqarisiga naqd xorijiy valyutani erkin olib chiqib ketish jismoniy shaxslarga ekvivalenti 5 ming AQSh dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda bojxona nazorati qoidalariga rioya qilgan holda ruxsat etiladi.

Belgilangan summadan ortiqcha mablagʻni olib chiqib ketish:

rezidentlar tomonidan — Oʻzbekiston Markaziy bankining ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi, ushbu ruxsatnomada olib chiqib ketiladigan naqd xorijiy valyutaning jami summasi koʻrsatiladi;

norezidentlar tomonidan — Oʻzbekistonga kirish chogʻida toʻldirilgan yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladi, ushbu deklaratsiyada naqd xorijiy valyuta summasi olib chiqib ketilayotgan naqd xorijiy valyuta summasidan kam boʻlmagan miqdorda koʻrsatilgan boʻlishi lozim.

Rezident tomonidan Oʻzbekiston Markaziy bankining ruxsatnomasini va norezident tomonidan Oʻzbekistonga kirish paytida toʻldirilgan yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini ishlatish bir marotaba amalga oshiriladi va kelgusida ekvivalenti 5 ming AQSh dollaridan ortiqcha naqd xorijiy valyutani olib chiqib ketish uchun asos sifatida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Fikr bildirish

Latest from Blog