O‘zbekistonda issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari ham o‘sadi, deb yozadi “Podrobno.uz” hukumatning 1-noyabrdagi “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qaroriga tayanib.
“Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 16-noyabrdan boshlab issiqlik energiyasi tariflarini aholi uchun ko‘pi bilan 10 foizgacha oshirish va boshqa iste’molchilar uchun tannarxdan kelib chiqqan holda o‘rnatsin”, — deyiladi hujjatda.
Ta’kidlanishicha, ayni paytda Toshkent aholisi, hisoblagich bo‘lgan holatda issiq suvning bir kubometri uchun 4332 so‘m va hisoblagich bo‘lmasa, har bir odam uchun oyiga 16 917,49 so‘m to‘laydi. Markaziy isitish uchun esa isitilayotgan maydonning har bir kvadrat metri uchun 1464,53 so‘m to‘lanadi.