Oʻzbekistonda avtomobillar sinovdan oʻtkaziladigan korxona paydo boʻladi

Yaqin kelajakda Oʻzbekistonda avtomobillarni sinovdan oʻtkazadigan korxona quriladi. Bu haqda «Sputnik Oʻzbekiston» nashri xabar qilmoqda.

Foto: Sputnik Oʻzbekiston

Xabarga koʻra, korxonada avtomobillar sertifikatlashtiriladi, shuningdek yoʻl-poligon, iqlim, stend va boshqa laboratoriya sinovlaridan oʻtkaziladi. Yangi zamonaviy korxona sport tadbirlarini oʻtkazishga ham ixtisoslashtirilgan boʻladi.

Ushbu loyiha samarali amalga oshirilishi uchun Shavkat Mirziyoyev kompaniyaga qator imtiyozlar va afzalliklarni taqdim etdi. Misol uchun, 2020-yil 1 yanvarga qadar yangi tashkil etilayotgan avtomobillarni sinovdan oʻtkazishga moʻljallangan korxona yer soligʻi, yuridik shaxslarga solinadigan mulk hamda daromad soliqlaridan toʻliq ozod etiladi.

Shuningdek, loyiha doirasida, kompaniya qurilish materiallarini, asbob-uskunalarni va avtomobilga kerakli ehtiyot qismlarni, butlovchi buyumlarni, texnologik hujjatlarni, hamda respublikada ishlab chiqarilmaydigan instrument va xom-ashyoni Oʻzbekistonga bojxona yigʻimlarini toʻlamasdan olib kirish imkoniga ega boʻladi.

Qayd etish joizki, zamonaviy ovalga hamda avtomobilning eng katta tezligini «siqib olish» qobiliyatiga egaligi uchun Pskent avtomobil poligonini professionallar koʻpincha Italiyaning Montsa shahri yaqinida joylashgan dunyodagi eng mashhur poyga trassasiga qiyoslashadi.

Fikr bildirish

Latest from Blog