Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi 2017-yil 12-iyulgacha boʻlgan davrda Rossiyaga boradigan Oʻzbekiston fuqarolarini migratsion hisobga (roʻyxatga) olish tartibi oʻzgartirilgani haqida yana bir bor ogohlantirdi.
Foto: sitv.ru
Vazirlikning maʼlum qilishicha, Moskva, Sankt-Peterburg, Sochi va Qozonda 2017-yilning 1-iyunidan 12-iyuligacha, shuningdek 2018-yilning 25-mayidan 25-iyuligacha Moskva, Sankt-Peterburg, Volgograd, Yekaterinburg, Qozon, Kaliningrad, Nijniy Novgorod, Rostov-na-Donu, Samara, Saransk va Sochida chet el fuqarolarini migratsion hisobga qoʻyish muddati Rossiyaga kelgan kunidan boshlab bir sutkagacha qisqartirildi.
Rossiya prezidentining «Rossiyada Futbol boʻyicha 2018-yilgi jahon chempionati va 2017-yilgi FIFA Konfederatsiyalar kubogini oʻtkazish davrida kuchaytirilgan xavfsizlik choralarini qoʻllash xususiyatlari toʻgʻrisida»gi farmoniga muvofiq ushbu tadbirlar oʻtkaziladigan vaqtda chet el fuqarolarini migratsion hisobga (roʻyxatga) olish tartibi oʻzgartirildi.
«Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari mazkur oʻzgarishlarni albatta hisobga olishlari shart. Zero oʻz vaqtida migratsion hisobga qoʻymaslik maʼmuriy tartiblarni buzganlik deb baholanishi va keyinchalik Rossiya hududiga kirishga cheklov qoʻyilishiga olib kelishi mumkin», deyiladi vazirlik xabarida.