Oʻzbekiston test sinovlaridan voz kechib, ijodiy imtihonlarga qaytmoqda

Abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, sanʼat, dizayn, tasviriy va amaliy sanʼat, sanʼatshunoslik, musiqiy taʼlim, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi taʼlim yoʻnalishlariga qabul qilish test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali amalga oshiriladi.

Foto: «Korrespondent O‘zbekiston»

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublika oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini oʻtkazish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida»gi qarori eʼlon qilindi.

Taʼkidlanishicha, abituriyentlar sonining keskin oʻsishi mos ravishda auditoriya nazoratchilari sonining va test materiallari hajmining ortib borishiga hamda test sinovlarini oʻtkazishga salbiy taʼsir koʻrsatib, qator muammolarni yuzaga keltirgan.

Jumladan, auditoriya nazoratchilarining test sinovlarini oʻtkazish boʻyicha yetarli amaliy koʻnikmalarga ega emasligi hamda ularning javobgarlik darajalari aniq belgilanmagani, test sinovlari uchun tanlangan bino va auditoriyalarning jihozlanishi mavjud talablarga javob bermasligi, binolarning oliy taʼlim muassasalari bosh shtabidan uzoq masofada va tarqoq joylashgani, binolarning shaxsni aniqlovchi foto va video qurilmalari, test sinovlarida foydalanishi man etilgan vositalarni aniqlovchi zamonaviy texnik jihozlar bilan taʼminlanmaganligi, auditoriyalarda videokuzatuv kameralarining mavjud emasligi test sinovlarini oʻtkazish jarayonining shaffofligini taʼminlash va uni nazorat qilish sifatining tushib ketishiga olib kelgan.

Bundan tashqari, test sinovlarini oʻtkazishning amalda boʻlgan tartibi test natijalarini qisqa muddatda hisoblab chiqarish imkonini bermagan.

Yuqorida qayd etilgan muammo va kamchiliklar oliy oʻquv yurtlariga qabul qilish boʻyicha oʻtkazilgan test sinovlarining adolatli, xolis va shaffof oʻtkazilishini yetarli darajada taʼminlash imkonini bermagan va oqibatda abituriyentlar hamda ularning ota-onalari eʼtirozlariga sabab boʻlgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yangi qarori qabul qilinishi yuqorida qayd etib oʻtilgan muammolarning oʻz yechimini topishi uchun huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Ushbu qarorga koʻra, 2018/2019-oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish boʻyicha test sinovlari 1-avgustdan 15-avgustgacha boʻlgan davrda oʻtkazilishi va test sinovlari natijalari test oʻtkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi belgilandi.

Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, 2017/2018-oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish test sinovlari Toshkent shahrida «Oʻzekspomarkaz» Milliy koʻrgazmalar majmuasi pavilonlarida hamda uning hududida qoʻshimcha yigʻma pavilonlar oʻrnatilib, ulardan samarali foydalangan holda, shuningdek, katta sigʻimdagi boshqa binolarda, viloyat markazlarida esa Olimpiya zaxiralari kollejlari yoki joylardagi boshqa muassasalarning katta sigʻimdagi binolarida, test jarayonining oshkora va shaffofligini taʼminlagan holda, videokuzatuvlar orqali onlayn tizimda jamoatchilikka, shu jumladan, abituriyentlarning ota-onalariga koʻrsatib oʻtkazilishi belgilab qoʻyildi.

Latest from Blog