Oʻzbekiston koinot va sunʼiy yoʻldosh sohasida Fransiya bilan hamkorlik qiladi

Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi 21—24-avgust kunlari Fransiyada boʻldi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.

Foto: OʻzA

Tarkibida Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Qonunchilik palatasi qoʻmita raisi Akmal Saidov, madaniyat vaziri oʻrinbosari Kamola Oqilova boʻlgan mamlakat delegatsiyasi qator muzokaralar va uchrashuvlarda ishtirok etdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikka oid istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduhakimov Fransiya oliy taʼlimini chet davlatlarda targʻib qilish va xalqaro talabalar harakati boʻyicha Fransiya davlat agentligi (Campus France) bosh direktori Beatris Kaya bilan uchrashdi. Muloqotda tomonlar mamlakatlar taʼlim tizimidagi aloqalarni faollashtirish maqsadida ikki davlatning oliy taʼlim muassasalari rektorlarining sammitini tashkil etish masalalarini muhokama qildi. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan Campus France oʻrtasida yaqin kelajakda hamkorlik rejasini imzolashga kelishib olindi.

Maʼlumot oʻrnida, Campus France agentligi 2010-yilda tashkil etilgan boʻlib, Fransiyadagi 352 oliy taʼlim dargohini oʻz atrofiga birlashtiradi.

Oʻzbekiston koinot va sunʼiy yoʻldosh sohasida Fransiyaning Thales Alenia Space kompaniyasi bilan hamkorlik qilishi mumkin. Ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik istiqbollari S.Safoyev va kompaniya vitse-prezidenti E.Imbert ishtirokidagi uchrashuvda muhokama qilindi.

Unda Oʻzbekistonda kosmik va sunʼiy yoʻldosh sohasini rivojlantirishni koʻzda tutuvchi, ikki tomon uchun birdek manfaatli boʻlgan loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalari haqida soʻz yuritildi. Oʻzbekistonda sunʼiy yoʻldosh apparatlari yaxlit tizimini yaratish, mahalliy mutaxassislarni oʻqitish imkonini beradigan texnologik baza tashkil etish masalalari shular jumlasidan.

Thales Group aeronavtika, kosmos, mudofaa, sunʼiy yoʻldosh texnologiyalari, havo harakatini boshqarish sohalarida dunyoda mashhur kompaniya hisoblanadi. Bugungi kunda dunyoning 56 mamlakatida oʻz faoliyatini amalga oshiradi. Shu jumladan, Oʻzbekistonda ham oʻz vakolatxonasiga ega.

Oʻzbekiston delegatsiyasi Fransiya bilan maʼmuriy boshqaruv sohasida oʻzaro tajriba almashish va boshqaruvning ilgʻor usullarini mamlakatimizga joriy qilish maqsadida ushbu mamlakatning bir qator davlat hokimiyati idoralarida tashkil etilgan uchrashuvlarda ishtirok etdi.

Xususan, Parij shahrining 7-tumani meri, Yevroparlament deputati Rashid Dat bilan muloqot samarali kelishuvlarga boy boʻldi. Unda Toshkent va Parij maʼmuriy tuzilmalari oʻrtasida boshqaruv tizimini oʻrganish boʻyicha uchrashuvlar va doimiy muloqotlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha yakdil qarorga kelindi. Tomonlar radikalizm, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishda Yevroparlament bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi Fransiya tomonini shu yil noyabr oyida Samarqandda oʻtadigan Osiyo forumiga ishtirok etishga taklif qildi.

Fikr bildirish

Latest from Blog