IIV tarkibiy va hududiy boʻlinmalari mutaxassislaridan iborat guruhlar tomonidan muntazam yoʻl-patrul xizmati maskanlari va blok postlarining faoliyati oʻrganilib, shu kunga qadar avtomobil yoʻllarida joylashgan jami 54 ta bunday postlarning faoliyati tugatildi. Bu haqda Oʻzbekiston IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi maʼlum qildi.

«Shulardan 21 tasini muntazam yoʻl-patrul xizmati maskanlari, 14 tasini blok postlar va 19 tasini toʻsiq postlari tashkil etgan edi. Qolgan postlarning ham faoliyati tanqidiy qayta koʻrib chiqilmoqda», deyiladi xabarda.
Oʻzbekiston ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov mamlakat hududida 133 ta ana shunday post borligini, ulardan 66 tasini tugatish toʻgʻrisida xulosalar tayyorlanganligini maʼlum qilgandi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida avtomobil yoʻllarida harakatlanish erkinligini cheklayotgan, savdo-iqtisodiy munosabatlarning hamda ichki va tashqi turizmning rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan muntazam yoʻl-patrul xizmati maskanlari va blok postlarning faoliyatini tugatish hamda sonini qisqartirish taʼkidlangan edi.
Prezident respublikaning baʼzi viloyatlari oʻrtasidagi postlarning joylashuvi nafaqat fuqarolarga, balki iqtisodiyotga ham salbiy taʼsir qilayotganligini aytgandi.