Oʻzbekiston gastronomik turizm yoʻnalishida rossiyaliklar uchun ommabop MDH va yaqin chet el mamlakatlari reytingi beshligiga kirdi. Bu haqda TurStat tahliliy agentligi maʼlum qildi.
Reyting gastronomik turlarga boʻlgan talabni tahlil qilish maʼlumotlariga asoslanib tuzildi.
MDH boʻylab eng ommabop gastronomik turizm mamlakatlari reytingiga Gruziya, Ozarbayjon, Armaniston, Qozogʻiston va Oʻzbekiston kiritildi.
Agentlikning bildirishicha, MDH mamlakatlari boʻylab gastronomik turlar Rossiyada eng tez rivojlanayotgan turizmga aylanmoqda. Rossiyaliklar uchun eng ommabop gastronomik turlar bu bir haftalik sayohatlardir. Masalan, Rossiyadan Ozarbayjon yoki Gruziyaga yetti kunlik gastronomik tur aviachiptalar bilan birgalikda oʻrtacha 800 dollar, Qozogʻiston va Armanistonga 900 dollar, Oʻzbekistonga esa 1000 dollarga tushadi.
Gastronomik turizm bu — mamlakat bilan uning gastronomiyasi, mahalliy oshxonasi va pazandalik mahorat darslari orqali tanishish uchun sayohat va gastronomik turlardir.