Oʻzbek pianinochisi Londonni yana bir bor lol qoldirdi

 

Yosh va isteʼdodli oʻzbek pianinochisi Behzod Abduraimov oʻz mahorati bilan Britaniya poytaxtini yana bir bor lol qoldirdi, deb xabar bermoqda «Jahon» AA.

Foto: musicseasons.org

Londondagi mashhur Trafalgar maydonida BMW London Symphonic Orchestra Open Air Classics — Germaniya avtokontserni va London simfonik orkestrining qoʻshma loyihasi boʻlib oʻtdi.

Oʻn minglab tomoshabinlar qarshisida taniqli dirijyor Valeriy Gergiyev rahbarligidagi simfonik orkestr Sergey Raxmaninov asarlariga bagʻishlangan kompozitsiyalarni ijro etdi. Behzod Abduraimovning chiqishi loyihaning bezagi boʻldi.

BMW Group va London simfonik orkestri oʻzbek pianinochisining chiqishiga shunday baho berdi: «Behzod Abduraimov tomonidan taqdim etilgan musiqa barchaning koʻnglini zabt etganiga ishonchimiz komil. Behzod kabi isteʼdodlar nafaqat ijobiy his-tuygʻular baxsh etadi, balki sayyoramizda tinchlik va doʻstlikni targʻib etadi».

Oʻzbekistonlik 27 yoshli pianinochi jahon sahnalarida chiqishlar qilib keladi va Yevropada allaqachon tanilib ulgurgan. U 1990 yilda Toshkentda tugʻilgan. 5 yoshidan fortepiano chalishni oʻrgangan, soʻngra Viktor Uspenskiy nomidagi respublika maxsus musiqa akademik litseyida tahsil olgan.

Behzod 2009-yilda Londonda oʻtkazilgan xalqaro fortepiano tanlovida gʻolib boʻlgan. Oʻshandan buyon u bilan Harrison & Parrot musiqa agentligi hamkorlik qilib keladi.

2012-yilda B.Abduraimov «Debyut CD-albomi uchun» va Monpelyeda oʻtkazilgan Radio France festivalining shov-shuvli chiqishi mukofotlariga sazovor boʻlgan.

Fikr bildirish

Latest from Blog