“Oʻzbekneftegaz” va Uzbekistan Airways xususiylashtiriladi, aeroportlar xususiy sektor boshqaruviga beriladi

Interfax.uz surati

Prezident 8-mart kuni “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan 1-mayga qadar tajribali investitsiya bankini jalb etib, 2022-yil yakuniga qadar “Oʻzbekneftgaz” kompaniyasining, shu jumladan, aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) orqali kamida 49 foiz ulushini, shuningdek, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJdagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushini xususiylashtirish ishlarini boshlash rejalashtirilmoqda.

1 sentyabrga qadar xalqaro konsalting kompaniyasi xulosalari asosida “Oʻzbekgidroenergo” kompaniyasini isloh qilish strategiyasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.

Farmonga asosan 1 sentyabrga qadar “Uzbekistan airways” kompaniyasi ustav kapitalidagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushining savdoga chiqarilishini, shu jumladan, aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) ishlarini boshlash ham koʻzda tutilgan.

Shuningdek, 1-avgustga qadar xalqaro investitsiya banki va konsultantlarni jalb etgan holda, “UzAuto Motors” AJ aksiyalar paketining 10 foizgacha qismini mahalliy fond bozorida ommaviy joylashtirsin (IPO) va bu korxonaning qolgan ulushini hamda “UzAuto Motors Powertrain” AJ, “Samarqand Avtomobil zavodi” MCHJni strategik investorlarga sotish strategiyasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilgan.

Ikki oy muddatda “Uzbekistan Airports” kompaniyasining Toshkent shahridagi va hududiy xalqaro aeroportlarini modernizatsiya qilish va operatsion samaradorligini oshirish uchun xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish boʻyicha qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Bunda, Fargʻona vodiysidagi aeroportlarni maqbullashtirish orqali ulardan samarali foydalanish choralari nazarda tutiladi.

Maxsus ishchi guruh Avtomobil yoʻllari qoʻmitasini isloh qilish bilan shugʻullanadi. Ishchi guruh ikki oy muddatda sohada nazorat va xoʻjalik funksiyalarini aniq chegaralash, monopoliyadan chiqarish, xususiy sektor korxonalarini jalb qilish, byudjet mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tizimidan pudrat va ishlab chiqarish korxonalarini chiqarish orqali uni isloh qilish boʻyicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak.

Bundan tashqari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga 1-sentyabrga qadar “Oʻzbektelekom” AK va “Oʻzbekiston pochtasi” AJni isloh qilish strategiyasi ishlab chiqish va tasdiqlash uchun kuzatuv kengashiga kiritishni taʼminlash vazifasi yuklatilgan.

 

Fikr bildirish

Latest from Blog