Oʻzbekistondagi barcha aholi punktlarida harakat tezligi soatiga 60 kilometrgacha tushiriladi

Foto: Interfax.uz

Oʻzbekistonda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasini “shahar avtomobillar emas, balki piyodalar uchun” gʻoyasi asosida isloh qilish maqsadida 1-iyundan boshlab barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligini soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi.

Bu haqda jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisidagi prezident farmoni loyihasida belgilandi.

Hujjatda qayd etilishicha, tezlikni 10 kilometr soatga tushirish oʻlim holatlarini kamida 15 foizga kamaytirishga olib keladi. Birgina Toshkent shahrida 2022-yilda 1200 ta YTH sodir etilgan, bu 2021-yildagi holatlardan (1073) qariyb 130 taga koʻp. Ushbu davrda YTHlar oqibatida halok boʻlganlar soni 136 nafarini tashkil etadi.

Davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, 2023-yil 1-sentabrdan boshlab, transport vositasining mulkdoriga transport vositasini boshqarish huquqi oʻtkazilgan shaxs bilan birgalikda tegishli huquqni belgilovchi hujjatni taqdim etgan holda DYHXX organlarini transport vositasini boshqarish huquqini oʻtkazgani haqida xabardor qilish huquqi beriladi.

Bunda, xabarnoma olingan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan huquqbuzarliklarni qayd etish tizimiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish va ushbu transport vositasida sodir etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilgani uchun boshqarish huquqi oʻtkazilgan shaxsga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.

Bu mexanizmlar jazo muqarrarligi tamoyilini roʻyobga chiqarish hamda transport vositasi boshqaruvi bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklarni maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etishda ball tizimi joriy etilishi munosabati bilan kiritilmoqda.

Hujjat loyihasi muhokamasi 17-fevralgacha davom etadi.

Fikr bildirish

Latest from Blog