Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni, 2021-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, 12,3 mingtani tashkil etib, ulardan 11,8 mingtasi faoliyat yuritmoqda.
Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotiga muvofiq, xorijiy kapital ishtirokida faoliyat koʻrsatayotgan korxonalarning davlatlar kesimidagi soni boʻyicha birinchi oʻrinda Rossiya (2093 ta), ikkinchi oʻrinda Xitoy (1799 ta), uchinchi oʻrinda esa Turkiya (1576 ta) bormoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston bilan qoʻshma korxonalar tashkil qilishda Qozogʻiston (919 ta) va Janubiy Koreya (888 ta) ham faol.
Davstatqoʻm qaydicha, oʻtgan bir yil davomida Oʻzbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 1399 taga oshgan. Pandemiya yilida Turkiya bilan 330 ta, Rossiya bilan 315 ta, Xitoy bilan 207 ta, Qozogʻiston bilan 150 ta, Janubiy Koreya bilan esa 97 ta yangi qoʻshma korxona tuzilgan.