Toshkentda shifokorlar birinchi marta umurtqa pogʻonasida ogʻir tugʻma nuqsoni bor uch yoshli qizchani operatsiya qildi. Bu haqda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
«Yulduzxonda jarrohlik muolajasi 3 soat davom etdi. Unda umurtqa pogʻonasi skoliotik deformatsiyani korreksiyalash va endokorrektor-fiksatsiyalash amaliyoti oʻtkazildi», — deyiladi vazirlik xabarida.
Kasalxonaning qayd etishicha, hozir qizchaning ahvoli qoniqarli. U ogʻriq qoldiruvchi va umumiy quvvatlovchi muolajalar olmoqda.
Bugun dunyo boʻyicha 5-10 foiz bolalarda skolioz kasalligi uchraydi. Ularning aksariyati — 5 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar. Negaki, ana shu davrda bolalar tez oʻsadi. Ammo, koʻpchilik bemorlar 8-14 yoshda, yaʼni kasallik belgilari kuchaygan vaqtda shifokorga murojaat qilishadi.
Vaholanki, umurtqa pogʻonasining yon tomonga qiyshayishi bilan namoyon boʻladigan bu xastalik oʻz vaqtida muolaja qilinmasa, koʻplab ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin.