Toshkent viloyatida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati negizida misni boyitish fabrikasi (3-MOF) qurilishi davom etmoqda. Bu loyiha ayni kunda Enter Engineering kompaniyasi tomonidan Oʻzbekistonda sanoat sohasida amalga oshirilayotgan eng yirik loyihalardan biri hisoblanadi.
Аyni paytda boʻlajak fabrikaning qurilish maydonida ishlab chiqarish korpuslari va infrastruktura inshootlari bunyod etilmoqda, asosiy texnologik asbob-uskunalarni montaj qilish ishlari davom etmoqda. Ushbu yirik loyihaning roʻyobga chiqarilishi OKMKning rudani qayta ishlash quvvatini yiliga 160 million tonnagacha oshirish imkonini beradi va bu oʻz navbatida, katod misi ishlab chiqarish hajmini yiliga 400 ming tonnaga yetkazishga xizmat qiladi.
— Umumiy qurilish ishlari doirasida juda katta hajmdagi betonlashtirish ishlari ham bajarilmoqda, — deydi loyiha rahbari Аlisher Yodgorov. — Mayda sim gʻalvirda elash korpusida poydevor va rigellarni quyish beton quyish boʻyicha mamlakatimizda bungacha amalga oshirilgan barcha ishlar orasida eng katta hajmdagisi boʻldi. Ushbu jarayon davomida uzluksiz ravishda qariyb 14 ming kub metr hajmdagi beton qorishmasi ishlatildi.
Operatsiyani muvaffaqiyatli oʻtkazish uchun jarayon oldidan qator tayyorgarlik ishlari bajarildi – tegishli hisob-kitoblar amalga oshirildi, texnologik xarita rejalashtirildi, yetarli darajada ishchi kuchi va texnika shay holatga keltirildi. Xususan, poydevor va tirgaklarning qoliplari va katta hajmdagi mustahkamlash ramkalarini oʻrnatish (toʻqish) ishlari bekam-u koʻst bajarildi. Sement, qum, shagʻal va plastifikator kabi inert materiallar oʻz vaqtida yetkazildi. Bevosita beton quyish ishlariga 1 600 nafar mutaxassis, 80 dan ortiq maxsus va yordamchi texnika safarbar etildi.
24 soat davomida mikserlar karvoni tinimsiz beton aralashmasini belgilangan uchastkaga yetkazib turdi, u yerda beton qorishmasi nasoslar yordamida toʻgʻridan-toʻgʻri belgilangan joylarga toʻkilib, chuqur vibratorlar bilan zichlab turildi.
Texnologik talablarga koʻra, jarayon uzluksiz davom etishi va beton qorishmasi oʻz xususiyatlarini yoʻqotmasligi uchun, betonni maʼlum vaqt ichida quyish kerak boʻladi. Jarayonda ishtirok etgan har bir ishchi mutaxassis tezkorlik va ziyraklik namoyon etib, mos ravishda ijobiy natija ko’rsatdi. Jarayon muammosiz va operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi.