Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov kompaniya vakillari bilan uchrashuvda Toshkentda Microsoftʼning rivojlanish ofisini ochishni taklif qildi, deb xabar qildi 19 aprel kuni vazirlik matbuot xizmati.
“Axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi tomonidan Oʻzbekistonda [Microsoft] kompaniyasini rivojlantirish boʻyicha ofis ochish taklif etildi”, — deyiladi xabarda.
Uchrashuv onlayn tarzda o’tkazildi. Uchrashuvda Microsoft kompaniyasi vakillaridan tashqari Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi va O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda yoshlarni malakali kadrlar tayyorlash jarayoniga keng jalb etish masalalari, korporatsiya bilan hamkorlikning dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.