Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining 18−64 yoshdagi aholisi oʻrtasida oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, Oʻzbekiston aholisining yarmi ogʻir vaznli, 20 foizi semiz hisoblanadi.
Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi xabariga koʻra, tadqiqotda, shuningdek, har kuni aholining uchdan ikki qismi (67 foiz) yetarli miqdorda (400 grammdan kam) sabzavot va mevalar isteʼmol qilmaydi, 46 foizining qonida xolesterin miqdori oshgan.
Shuningdek, aholining oʻrtacha tuz isteʼmoli kuniga 14,9 grammni tashkil etadi. Bu Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan miqdordan 3 baravar koʻp (kuniga 5 grammdan oshmasligi lozim) deganidir.
Qoʻmitaning taʼkidlashicha, jismoniy faollik hamda ovqatlanish meʼyor va qoidalariga amal qilmaslik, tarkibida tuz, qand, yogʻ miqdori koʻp boʻlgan taom va shirinliklarni meʼyoridan ortiq isteʼmol qilish, shuningdek, yetarli darajada vitamin va minerallar isteʼmol qilmaslik yoshlarda ratsional oʻsish va aqliy rivojlanishda ortda qolishi va kattalarda yurak qon-tomir, endokrin, xavfli oʻsma kabi insonning erta oʻlimiga olib keluvchi qator kasalliklarning rivojlanishiga sabab boʻladi.