Nyu-York yo‘llarida haydovchilar nega qonunga itoatkor?

Amerikaga kelgan odamning birinchilardan bo‘lib e’tiboriga tushadigan narsa bu avtomobil haydash madaniyatining boshqacha ekanligidir. Bir tarafdan ushbu mamlakatda turli yo‘l belgilari, shu jumladan, xavfsizlik qoidalari kam bo‘lsa, ikkinchi tarafdan yo‘llardagi umumiy temp va asabbuzarliklar ham juda kam. Bu haqida rossiyalik blogerning kuzatuvlarini e’tiboringizga havola etamiz.

Foto: Shutterstock

Nyu-Yorkda soatiga 40 kilometrgacha harakatlanish mumkin. “Dunyo markazi”, “Uxlamaydigan shahar”, “Dunyoning moliyaviy markazi” bo‘lmish ushbu shahar ana shunday harakatlanadi. Albatta, shahardagi bir nechta xayveylar bu muammoga yechim bo‘la oladi: Bruklindan Manxettengacha bo‘lgan masaofani 20 minutda bosib o‘tish mumkin. Ammo oddiy shahar ko‘chalarida tezlikka cheklov o‘rnatilgan bo‘lib, u har qanday mersedesni velosipedga aylantirib qo‘ya qoladi. Odamlar deyarli tezlikka oid qoidani buzishmaydi.

Ammo amerikaliklarning haydash madaniyati emas, balki bunga undagan sabablar qiziq. Chunki mamlakatdagi yo‘l harakati tizimidagi tartibni ko‘rib, bu yerda yomon haydovchilarni o‘z-o‘zidan yo‘ldan uzoqlashtiradigan maxsus kurslar bor ekan, deb o‘ylash ham mumkin. Ammo Nyu-Yorkda haydovchilik guvohnomasini olish, masalan, Rossiyaga qaraganda judayam oson ish.

Chunki, birinchidan, haydovchilik guvohnomasini olish uchun tibbiy tekshiruvdan o‘tish kerak emas. Ko‘zni esa bevosita DMV (DANga o‘xshash idora)da tekshirishadi.

Ikkinchidan, siz nazariy test uchun maxsus kitobchani olasiz. E’tiborlisi, ushbu qo‘llanmani istagan tilingizda topishingiz mumkin. Imtihonni qanday topshirish haqidagi kitob yengil, yupqa bo‘lib, uni o‘qiyotganingizda bitta savol tug‘iladi: qoidalarga qachon duch kelaman? Rostini aytsak, hech qachon. Chunki butun kitob mutolaasi davrida sizdan turli so‘zlar bilan “batartib haydang”, “muloyim bo‘ling”, “birovni turtib yubormang”, “yo‘l talashmang” degan ma’noni uqtirishadi. Umuman, qoidalarning soni o‘nta chiqishi mumkin.

Uchinchidan, nazariy imtihon shunday o‘ylanganki, uni uncha-muncha odam, agar sog‘lom aql egasi bo‘lsa, bir urinishdayoq topshira oladi. Chunki savollarning yengilligi, imtihon topshirish uchun kerak bo‘ladigan umumiy ball shunday xulosa chiqarishga asos bo‘ladi. Lekin shu narsa aniq bo‘lishi uchun aytish kerakki, nazariy imtihondan o‘ta olmaslikning iloji yo‘q. Sababi eng murakkab savollar taxminan quyidagicha yangraydi:

Siz hozirgina juda ko‘p miqdorda alkogol iste’mol qildingiz va mast holatdasiz. Nima qilasiz?

  • Alkogol ta’sirini kamaytirish uchun marixuana tortib ko‘raman va rulga o‘tiraman;
  • Bir chashka qahva ichaman, diqqatimni jamlab rulga o‘tiraman;
  • Dori qabul qilaman va rulga o‘tiraman;
  • Hech qanaqa sharoitda rulga o‘tirmayman. Chunki alkogol diqqat-e’tiborni susaytiradi va yo‘lda xavfli holatga sabab bo‘lishi mumkin.

Ko‘rib turibsizki, ushbu savolga javob topish uchun u darajada “aqlli” bo‘lish shart emas. Xo‘sh, unda Amerika yo‘llaridagi tartibli haydovchilar xulqiga sabab nimada?

Bularning barchasiga, fikrimcha, rulga o‘tirgan odamning atrof-muhitga, atrofdagilar hayotiga munosabati bilan bog‘liq. Ya’ni hammasi haydovchilarning o‘zlaridan boshlanadi. Albatta, qonun oldida hammaning tengligi so‘zda emas, balki amalda ta’minlangani ham muammoning asosiy yechimi sanaladi.

Latest from Blog