Toshkent xalqaro aeroportida rasmiy taksi xizmati ish boshlaganidan so‘ng noqonuniy taksi haydovchilari bir necha marta provokatsiyalar uyushtirdi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, 12-sentabr kuni bunday taksi haydovchilaridan biri aeroport hududiga kiritmagani uchun qo‘riqchini urgan. 14-sentabr kuni taksi haydovchilari rasmiy taksi xizmati avtomobillari terminalga kirish yo‘lini to‘sib qo‘yib, aeroport rahbariyatidan o‘zlariga bepul to‘xtash joyi tashkil qilishni yoki faoliyatini davom ettirishlari uchun old hududga kiritishni talab qilgan.
“Aeroport xodimlari bu masalada qat’iy edi, huquq-tartibot idoralari vakillarini chiqarib, taksi haydovchilariga nisbatan choralar qo‘llash va aeroport hududida jamoat tartibini ta’minlash haqida ariza yozdi”, — deyiladi xabarda.
Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayevaning ta’kidlashicha, aeroportlarda taksi haydovchilari bilan bog‘liq muammo dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lgan va hozir ham mavjud. Aeroportda qat’iyan taqiqlangan gazda yuradigan eski mashinalar, qimmat narxlar, qo‘pol haydovchilar bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
“Biz bunday mashinalarning uchib kelish terminali zinapoyasigacha harakatlanishiga ruxsat bera olmaymiz. Bu nafaqat mamlakatning salbiy imiji, balki yo‘lovchilar xavfsizligiga tahdiddir. Muammoning yagona yechimi — rasmiy taksi xizmatiga o‘tish – bu jahon amaliyoti”, — deydi u.
Kompaniya rahbarining alohida ta’kidlashicha, aeroportdagi rasmiy taksi shahardagi taksi kabi narxda bo‘lmasligini tushunish kerak, chunki u benzinda yuradi, yuqori servisga ega va faqat aeroportga xizmat ko‘rsatadi. “Biroq shu bilan birga, biz yo‘lovchilarni tanlov huquqida cheklamaymiz. 100 metrdan keyin siz boshqa har qanday taksiga o‘tirishingiz mumkin”, — deydi Ra’no Jo‘rayeva.
“ ‘Xira kirakashlar’ga kelsak, albatta, bu masala kunda hal bo‘lmaydi. Afsuski ular hali ham bor va ma’lum vaqt davomida bo‘ladi. Lekin biz ular bilan nafaqat Toshkentda, balki viloyatlarda ham oxirigacha kurashish niyatidamiz. Muhimi, hozir bizni huquq-tartibot idoralari qo‘llab-quvvatlasa. Aeroport muammoni bir o‘zi hal qilolmaydi”, — deya qo‘shimcha qilgan boshqaruv kompaniyasi rahbari.