Nogironligi bo‘lgan shaxs pasporti yo‘qligi sabab 6 oylik nogironlik nafaqasini ololmagan

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasiga Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani, Chuqur MFYda yashovchi fuqaro, 1-guruh nogironi Abror Xolyorov ariza bilan murojaat qilib, 2012-yildan buyon bolalikdan asta-sekin zoʻrayib boruvchi mushaklar miyapatiyasi kasalligi bilan kasallanganligi, bugungi kunda toʻshakda yotib qolganligi, bu yil 16 yoshga kirganligi sababli pasport olishda muammoga duch kelganligi xususida maʼlum qilgan.

Foto: «Korrespondent.uz»

Murojaatda qayd etilishicha, Abror Xolyorov istiqomat qiluvchi mahalla tuman markazidan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan. U mustaqil harakat qila olmaganligi sababli fuqarolikni rasmiylashtirish uchun tuman markaziga kelishning imkoni boʻlmagan. Qolaversa, Xolyorov fuqarolik pasporti boʻlmaganligi sababli 6 oylik nogironlik nafaqasini ham ololmagan. Bu haqda koʻplab idoralarga qilgan murojaatlari esa eʼtiborsiz qoldirilgan.

Mazkur murojaat Qamashi tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparati xodimlari tomonidan mazkur soha mutasaddilari jalb etilgan holda oʻrganildi va fuqarolik pasporti uchun zarur boʻlgan rasm va barmoq izlarini olishga moʻljallangan mobil qurilma vositasi bilan Xolyorovning xonadoniga borilib, unga fuqarolik pasporti rasmiylashtirib berilishi taʼminlandi. Shuningdek, toʻlanmagan nafaqa pullari isteʼmolchining uyiga yetkazib beriladigan boʻldi.

Fikr bildirish

Latest from Blog