Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan va uning rahbarligida O‘zbekistonning barcha sohalarida amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Xorijiy OAV va internet-nashrlarda e’lon qilingan ko‘plab maqolalar shundan dalolat beryapti.
AQShning «The New York Times» nashri 2017-yil 27-noyabr kuni “O‘zbekiston o‘z eshiklarini ochmoqda” sarlavhali maqolasini e’lon qildi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotni isloh etishni boshlagani ta’kidlangan.
Jahon banki 2017-yilda O‘zbekiston biznes yuritish sharoitlarni sezilarli darajada yengillashtirgan o‘nta davlat qatoriga kirgani haqida xabar berib, korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, qurilishga ruxsat olish, minoritar investorlarni himoya qilish, soliqqa tortish va elektr ta’minoti tizimiga ulash sohalarida amalga oshirilgan islohotlarni qayd etdi.
Jahon bankining biznes yuritish sharoitlarining qulayligiga baho beradigan Doing Business reytingida O‘zbekiston 190 mamlakat ichida 74-o‘rinni egallab, Xitoy va Ukrainani ortda qoldirdi.