Navoiy kon metallurgiya kombinatining oltin zaxirasi 35-40 yilga yetadi. Bu haqda kombinat bosh direktorining iqtisod masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nurmat Jo‘libekov ma’lum qildi, deya xabar beradi Turon 24.
“O‘zbekiston budjetining 10 foizi, viloyat byudjetining 70 foizidan ortig‘i Navoiy kon metallurgiya kombinati hisobiga to‘g‘ri keladi. Kombinat oltin ishlab chiqarishda dunyoda 10-o‘rinda turadi, – deydi Nurmat Jo‘libekov. – Butun jahon bo‘yicha oltin ishlab chiqarish ko‘rsatkichi pasayib borayotgan bir paytda 2026-yilga borib oltin ishlab chiqarishni 30 foizga oshirishni rejalashtirmoqdamiz”.
Nurmat Jo‘libekovning qo‘shimcha qilishicha, 2026-yilgacha 3 milliard dollar evaziga 27 ta investitsiyaviy loyihaning amalga oshirilishi kutilmoqda. Ayni paytda “Auminzo-Amantoy” koni negizida 5-gidrometallurgiya zavodini barpo etish, oltinni uyumda ishqorlash sexida texnogen chiqindilarni qayta ishlash kompleksini qurish loyihalari amalga oshirilyapti. Shuningdek, “Muruntov” konini o‘zlashtirishning 5-navbatini ishga tushirish, 3-gidrometallurgiya zavodida ishlanishi qiyin bo‘lgan rudalardan oltin ajratib olish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
“Uch milliardlik loyihaning 2 milliard 200 million dollari NKMKning o‘z mablag‘lari hisobidan, 800 million dollari Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi, – deydi NKMKning iqtisod-moliya boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Hasanov. – Bu loyiha to‘liq quvvatda ishga tushsa, aholi uchun 30 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi”.