Namanganda 7-sinf o‘quvchisi farzand ko‘rdi

Yaqinda turli xorijiy OAVlarda Namangan viloyatining Chortoq tumanida 7-sinf o‘quvchisining farzand ko‘rgani haqidagi xabar chop etildi. Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur xabar keng muhokama qilindi. “Darakchi” gazetasi mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida jurnalistik surishtiruvi o‘tkazdi.

Foto: Getty Images

Gazetada yozilishicha, chindan ham joriy yilning 6-iyul kuni Namangan viloyati Chortoq tumani tug‘ruq bo‘limida 7-sinf o‘quvchisi farzandini dunyoga keltirgan. Hozirda go‘dak tuman vasiylik va homiylik kengashi nazoratiga olingan. Bevosita javobgarlik aynan mana shu kengash zimmasida. Qiz esa ota-onasi javobgarligida. Ismi sir saqlanayotgan qizning otasi qo‘shni mamlakatga tirikchilik uchun ishlagani ketgan. Ona esa kunlik yollanma ishlar bilan band.

Qayd etilishicha, qiz o‘ta sodda va ishonuvchan. O‘z navbatida ota-onasi va kattalar tomonidan biroz nazoratsizlikka yo‘l qo‘yilgan. Ushbu holat bo‘yicha ayni paytda tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Gazeta muxbiri holat yuzasidan tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudirasi Shohista Turg‘unova bilan suhbatlashgan.

“Yuqorida keltirilgan voqea haqiqatdan ham kuzatilgani rost. Ammo voqea yuzasidan tarqatilgan ma’lumotlarning aksariyati bo‘rttirilgan. Masalan, ayni shu masala bo‘yicha tuman o‘qituvchilarining ta’tildan chaqirib olinishi. To‘g‘ri ular chaqirib olindi, ammo bunga voqea sabab emas. O‘qituvchilarning yoz konsepsiyasi asosida ota-onalar yozgi ta’til kunlarida farzandlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun amalga oshirgan chora-tadbirlari bilan tanishish, o‘quvchilarning o‘zlari bilan ham suhbatlashish maqsadida faqat ikki kunga ishga o‘z ixtiyorlari bilan jalb etganmiz.

Aynan voqeaga to‘xtalishni istamayman. Chunki bu yerda yoshlar kelajagi turibdi. Faqat bir ma’lumotni aytishim mumkinki, qiz o‘qiydigan maktab rahbari bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan”, — deydi Shohista Turg‘unova.

Fikr bildirish

Latest from Blog