Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Namangan viloyatida chet el valyutalarini Qirg‘iziston orqali xorijiy mamlakatlarga yuborish bilan shug‘ullanib kelgan noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi, deb xabar berdi DXX matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yashovchi (1985 va 1992 y.t.) aka-uka Lacetti avtomashinasida «o‘zbek-qirg‘iz» davlat chegarasi tomon harakatlanib ketayotgan vaqtlarida to‘xtatilgan. Avtomobil ko‘zdan kechirilganda uning orqa o‘rindig‘i pastki qismida bir dona polietilen paketda 205 ming 600 dollar, sintetik qopda esa 836 ming 300 dollar, shuningdek, boshqa bir sintetik qopda 800 ming dollar, jami 1 mln 841ming 900 dollari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Mazkur chet el valyuta qimmatliklarini yetkazib berayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida tadbir davom ettirilib, Kosonsoy tumanida tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi (1989 y.t.) shaxs qo‘lga olingan. «Uning Malibu rusumli avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda, salon qismida 167 ming 100 dollari borligi aniqlandi», — deyiladi xabarda.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.