Namangan shahridagi noqonuniy qurilish ob’yektlari, sanitariya-epidemiologiya talablariga javob bermaydigan oshxonalar buzilmoqda. Bu haqda Namnews xabar berdi.
Qayd etilishicha, shahar hududida noqonuniy qurilish ob’ektlari «bolalab» ketgan. Qayoqqa qaramang, oshxona, sartaroshxona, dorixona, «paynet» shoxobchalari, novvoyxona…
Bularga Namangan shahridagi «Lagman-xaus», G‘irvonsoy ko‘chasi boshidagi (xalq tili bilan aytganda, “Tanka”ning tagidagi) “Lavashxona”, “Mantixona” nomlari bilan mashhur oshxonalar misol tariqasida keltirilgan. Aytilishicha, ular sanitariya-epidemiologiya talablariga umuman javob bermaydi.
Bunday ob’yektlarni tartibga keltirish maqsadida xalq deputatlari Namangan shahar Kengash deputatlari ularni buzish tashabbusi bilan chiqishdi. Hozirda bu kabi binolar tag-tugi bilan yo‘qotilib, tekislab qo‘yildi.
Shahar ko‘chalarini tartibga keltirish va obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.