«MXXni isloh qilish vaqti keldi» — Prezident

O‘zbekistonda MXX faoliyati to‘g‘risida qonunni ishlab chiqish vaqti keldi, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-dekabr kuni Oliy Majlisga murojaatnomasini taqdim etar ekan.

Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati

«Milliy xavfsizlik xizmati 26 yil avval hukumat tasdiqlagan nizom asosida ishlab kelmoqda. Har qanday oddiy harakat ham MXXga qarshi deb baholab kelingan. Har qanday oddiy masala ham milliy xavfsizlikka tahdid deb baholab kelingani ushbu idora vakolatlarining asossiz kengayib ketishiga sabab bo‘lgan», – deya Prezident so‘zlaridan iqtibos keltirdi O‘zA.

— «Dunyoning ba’zi mintaqalarida yuzaga kelgan notinch vaziyat aholi migratsiyasi kuchayishiga, bu esa, o‘z navbatida, terrorizm va ekstremizm tarqalishiga hamda bu illatlar global muammolardan biriga aylanishiga olib kelmoqda», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Bunday vaziyatda milliy davlatchiligimiz, mustaqilligimiz, aholimizning tinch va osoyishta hayoti va xavfsizligimizni saqlash biz uchun eng ustuvor vazifaga aylanib bormoqda. Aynan shu nuqtai nazardan va globallashuv davrining barcha tahdidlarini inobatga olgan holda Milliy xavfsizlik xizmati idoralari faoliyatini ham isloh qilish vaqti keldi», – deya ta’kidladi Prezident.

Latest from Blog