O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-dekabr kuni Vatanimiz tarixida ilk marta parlamentga murojaat qildi. Ushbu tarixiy murojaatni xalq xohish-istaklarining haqchil ifodasi deyish mumkin. Nutqda ilgari surilgan barcha fikrlar xalq ko‘nglidagi gaplar bo‘lgani uchun ham qalblarda ertangi kunga umid va ishonch uyg‘ota bildi. Tarixiy nutq mazmun-mohiyatini aholi qatlamlariga keng ko‘lamda yetkazish maqsadida mahalla fuqarolar yig‘inlarida targ‘ibot va tashviqot tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Toshkent shahar Olmazor tumanidagi “Olimpiya” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida ana shunday davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Milliy universiteti o‘qituvchisi Mo‘minjon Xujayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasini aholi orasida mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq tushuntirish bilan birga ishtirokchilarning ko‘plab savollariga javob berdi. Tadbirning qizg‘in bahs-munozaralarga boy kechgani fuqarolarning mazkur nuqtga, yurtimizda kechayotgan jarayonlar va amalga oshirilayotgan islohotlarga ijobiy munosabatini ko‘rsatib berdi.
Prezidentimiz biz uchun jon kuydirib ishlab, xalq ichiga kirib kelayotganini ko‘rib, yosharib ketyatgandekman. Atrofidagi barcha rahbarlar ham ularga munosib fidoyilik qilishsa qaniydi, – deydi sakson yoshni qoralayotgan Ahmad ota.
Oddiy odamlarning, yoshi ulug‘larimizning bildirgan fikrlari Prezidentimizning murojaati yurt faravonligi yo‘lida navbatdagi yuksalish bo‘layotganini isbotlab turardi. Ushbu davra suhbat jarayonida tarixiy nutq har bir fuqaro qalbida ertangi kunga umid va kelajakka ishonch bilan birga shu yurtga daxldorlik hissini ham kuchaytirganiga shohid bo‘ldik.