O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 27 yillik tantanasi mamlakatimiz uzra nishonlanayotgan, “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilayotgan shunday qutlug‘ kunda oliy harbiy ta’lim muassasasi kursanti, milliy armiyamizning harbiysi bo‘lishdek baxt nasib etgan o‘g‘lonlar tantanali ravishda harbiy Qasamyod qabul qilishdi. Ulkan shodiyona bilan o‘tgan mazkur tantanalarda kursantlar eng ulug‘, eng aziz ne’mat – istiqlolni ko‘z qorachig‘iday asrash, yurtimizning yetuk ofitserlari bo‘lish, Vatan tinchligi, ravnaqi, farovonligi yo‘lida fidoyilarcha xizmat qilishga va’da berishdi.
Ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2005-yildan e’tiboran oliy harbiy ta’lim muassasalarimizga o‘qishga kirgan kursantlarning 1-sentabrda – istiqlol ayyomida harbiy Qasamyod qabul qilishayotgani mustaqilligimiz tufayli Qurolli Kuchlarimizda yangicha an’analar shakllanayotganidan, xalq va armiyaning bir tanu bir jon bo‘lib kelayotganidan dalolatdir.
Qurolli Kuchlar akademiyasida bo‘lib o‘tgan tantanada akademiyaning umumqo‘shin fakulteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakulteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi harbiy-tibbiyot fakultetiga joriy yilda o‘qishga kirgan kursantlar tantanali Harbiy qasamyod qabul qilishdi. Mudofaa vazirligi rahbariyati, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar ishtirokida bo‘lib o‘tgan marosimda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining mamlakatimiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, tinch va osuda hayotimizni himoya qilishning mustahkam tayanchi bo‘lib kelayotgani, harbiy xizmatning yoshlarimiz uchun tom ma’noda mardlik, chiniqish va toblanish maktabiga aylangani ta’kidlandi.
Shuningdek, mazkur tantanalar Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida hamda Jizzax shahridagi Sharof Rashidov maydonida Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti kursantlari ham ana shunday hayajonli tantanada ishtirok etishdi.