Vatanparvarlik tuyg‘usi yoshlar qalbiga ta’lim, ilmu-ma’rifat bilan jo bo‘ladi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari harbiy sohada ham ta’lim olishga katta qiziqish bilan qaraydilar. Ayni paytda O‘zMU Harbiy kafedrasida ko‘plab talaba-yigitlar munosib tahsil olayotganlari e’tiborga molikdir.

Ana shu ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi Qurolli kuchlar akademiyasi va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti o‘rtasida harbiy ta’lim va ilm-fan yo‘nalishida alohida Bitim imzolandi. Bu haqda «Korrespondent O‘zbekiston»ga universitetning jurnalistika fakulteti online jamoasi xabar qildi.

O‘zMU rektori Avazjon Marahimov va mazkur Qurolli kuchlar akademiyasi rahbari, General polkovnik Qobil Berdiyevlar soha taraqqiyoti yo‘lida hamkorlikda amalga oshiriladigan qator vazifalar haqida kelishib oldilar. Xususan, rejaga muvofiq tashkil etiladigan konferensiyalar, seminarlar, simpozium va mahorat darslari shular jumlasidandir.
Bitim 8 ta bo‘limdan iborat bo‘lib, unda o‘zaro kelishuvning maqsadlari, faoliyat yo‘nalishlari, kelishuv shakllari, rejalar, o‘z aksini topgan. Mudofaa Vazirligi Qurolli kuchlar akademiyasi rahbari general polkovnik Qobil Berdiyevning ta’kidlashicha, bu Bitim ilmiy-amaliy ko‘maklashish kelajakdagi sohalarni rivojiga katta hissa qo‘shishi aniq. Yoshlarni vatanparvarlik tuyg‘usi ruhida tarbiyalash bo‘yicha suhbatlar, taqdimotlar o‘tkazish, professor-o‘qituvchilar o‘rtasida o‘zaro malaka va tajriba almashish kelishuv bandlarida o‘z ifodasini topgan. Bu esa har ikkala ta’lim muassasasi yoshlari uchun hamkorlik ufqlarini ochishiga shubha yo‘qligi alohida ta’kidlandi.

– Bizning talabalarimiz ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida kamol topmoqdalar,– dedi O‘zMU rektori Avazjon Marahimov. – Ular tanlagan sohalari bo‘yicha puxta bilim egallash bilan bir qatorda tez-tez ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etadilar. Ayniqsa, terrorizm, ektremizm, giyohvandlik va boshqa balo-qazolarga, internet orqali amalga oshirilayotgan turli tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni oshirishga oid mavzularda qilingan davra suhbatlari, ma’ruzalar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bugungi kelishuvda erishilgan natijalar ham albatta o‘z samarasini ko‘rsatadi. Bu kelishuvdan ko‘zlangan maqsad yurtimizning ravnaqi, yoshlarimizning intellektual salohiyati va jismoniy kuch-quvvatini yanada oshirishdir.
O‘zaro suhbatdan so‘ng General polkovnik Qobil Berdiyev va boshqalar O‘zMUda yaqinda tashkil etilgan “Chingiz Aytamatov va O‘zbekiston” ekspozitsiyasini ko‘zdan kechirdilar.