Moskvada avtobus yoʻlovchilarni bosib, yer osti yoʻliga kirib ketdi

Moskvaning gʻarbiy qismida yuz bergan avariya oqibatida halok boʻlgan kishilar soni 5 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.

Kecha kunduzi jamoat transporti «Slavyanskiy bulvar» metrosi oldidagi yer osti yoʻliga kirib ketgan.

Hodisa joyiga bortida tibbiyot xodimlari boʻlgan uch vertolyot yuborilgan. Moskva meri Sergey Sobyanin ham hodisa joyiga yetib borgan.

 — «Besh kishi halok boʻlgan, 15 kishi jarohatlangan. Yana uch kishi kasalxonaga olib ketilgan», — deyiladi xabarda.

Haydovchi qoʻlga olingan va tergov uchun politsiya boʻlinmasiga yetkazilgan.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, hodisa terakt sifatida baholanmayapti. Avtobus boshqa bir mashina tufayli halokatga uchragan yoki uning tormozlari pand bergan boʻlishi mumkinligi aytilmoqda.

Politsiya boʻlinmasi ham avtobus nosoz boʻlishi mumkinligi yoxud haydovchi boshqaruvni yoʻqotgan boʻlishi mumkinligi haqida maʼlum qilgan.

Hodisa joyiga yetib kelgan Sobyanin halok boʻlganlarning yaqinlari va qarindoshlariga hamdardlik bildirgan. Shuningdek, u «Mosgortrans»ga tegishli barcha avtobuslarni tekshiruvdan oʻtkazish haqida topshiriq bergan.

Hodisa joyida politsiya va tibbiyot xodimlari ishlashmoqda, avariya oqibatini bartaraf etishda 50 dan ziyod odamlar va 17 donadan ziyod texnika ishtirok etmoqda.

Latest from Blog