Moliya vazirligi O‘zbekistondagi yoqilg‘i shoxobchalarida tabiiy gaz narxi keskin oshishi haqidagi axborotga izoh berdi

O‘zbekiston Moliya vazirligi mamlakat avtomobilga gaz quyish shoxobchalarida tabiiy gaz narxi keskin oshishi haqidagi axborotga izoh berdi.

Foto: Korrespondent.uz

Hozirgi kunda avtomobil gaz to‘ldirish kompressor stantsiyalariga (o‘z balansida avtomobil gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar ham kiradi) sotiladigan tabiiy gaz tarifi quyidagilardan tashkil topadi:

  • “O‘ztransgaz” AJ realizatsiya qiladigan tabiiy gazning ulgurji-sotish narxi — 1 kub.m uchun 289,74 so‘m;
  • tabiiy gazning ulgurji-sotish narxiga qo‘shiladigan maxsus investitsiya ustama haqi — 1 kub.m uchun 500 so‘m.

Shunday qilib, ayni vaqtda yuqorida keltirib o‘tilgan tabiiy gaz tarifi 1 kub.m uchun 789,74 so‘mni tashkil qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-noyabrdagi 897-sonli “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2018-yilning 16-noyabridan boshlab avtomobil gaz to‘ldirish kompressor stansiyalariga tabiiy gaz tarifi 1 kub.m uchun 800 so‘m (QQS bilan) miqdorida o‘rnatildi.

Shunday qilib, avtomobil gaz to‘ldirish kompressor stansiyalariga  tabiiy gaz tarifi o‘sishi 1 kub.m uchun 10,26 so‘mni tashkil qildi.

Shu bilan birga, o‘rnatilgan benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq stavkasi o‘zgarmadi va avvalgi darajada saqlanib qolindi.

Yuqoridagilirdan kelib chiqib, tabiiy gaz tarifining sezilarsiz o‘sishini, hamda o‘rnatilgan benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq stavkasi o‘zgarmasligini inobatga olib, Moliya vazirligi tomonidan avtomobil gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari tomonidan realizatsiya qilinadigan tabiiy gazning ulgurji narxi oshishi kutilmayapti, deyiladi xabarda.

Fikr bildirish

Latest from Blog