Bugun Misrning Tanta shahridagi cherkovda sodir boʻlgan kuchli portlash oqibatida 25 kish qurbon boʻldi 70 kishi jarohatlandi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
«Yoshi 30-35 lar atrofida, jigarrang pidjak, galstuk va qora tufli kiygan kishi cherkov ichiga kirib, ibodat qilayotganlarning birinchi qatorigacha yetib borgan va xudkushlar kamarini ishga tushirgan», — deyilgan xabarda.
Portlash sodir boʻlgan vaqtda cherkovda anʼanaviy yakshanba ibodati oʻtkazilayotgan boʻlgan va bino ichida koʻp kishi boʻlgan. Ustiga ustak, bugun nasroniylar bayrami kuni. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sisiga boʻlib oʻtgan terakt munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
«Diniy bayram vaqtida sodir etilgan jinoyat oʻzining vahshiyligi va surbetligi bilan kishini hayratda qoldiradi. Terrorchilar nafaqat odamlarni qoʻrqitishga, balki turli din vakillari orasida nizo chiqarishga harakat qilishmoqda. Ishonchim komilgi, ular oʻz maqsadlarga yeta olmaydi. Bizning mamlakatlar yelkama-yelka turib, terror kuchlariga zarba berishga va ularning gʻayriinsoniy mafkurasini yoʻq qilib tashlashga kuchi yetadi», — deyilgan Rossiya prezidentining telegrammasida.
Mahalliy OAVlar xabariga koʻra, bugun Misrning Aleksandriya shahrida joylashgan yana bir cherkov eshigi oldida ham portlash sodir boʻlgan. U yerda bir politsiyachi qurbon boʻlgan bir necha kishi jarohat olgan.