Oʻzbekiston prezidentining davlat maslahatchisi Qahramon Quronboyev Xorazm viloyati hokimining oʻrinbosari Shakarjon Xoʻjaniyozovaning dafn marosimida Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyati hokimligi va SH.YU.Xoʻjaniyozovaning oila aʼzolariga yoʻllagan taʼziyanomasini oʻqib eshittirdi, deb xabar qildi hokimlik matbuot-xizmati.
«Shakarjon Xoʻjaniyozova Bogʻot tumanidagi Nukus qishlogʻidagi qabristonga dafn etildi. Xorazm viloyati jamoatchiligi ogʻir judolikka uchradi. Bevaqt oʻlim ajoyib inson, mohir tashkilotchi, iqtidorli rahbar, mehribon ona Xoʻjaniyozova Shakarjon Yusupovnani 63 yoshida oramizdan olib ketdi», — deyilgan xabarda.
Shakarjon Xoʻjaniyozova vafoti munosabati bilan Xorazm viloyati hokimligi matbuot-xizmati nekrolog eʼlon qildi.
Nekrologda Shakarjon Xoʻjaniyozova shaxsiga tavsif berilar ekan, uning jonkuyarligi, kamtarin va fidoyiligiga alohida urgʻu berilgan.
«…Shakarjon Xoʻjaniyozovaning butun rahbarlik salohiyati, ertani aniq koʻra bilishi, murakkab paytlarda ham eng toʻgʻri yoʻlni tanlay bilishi va manzil sari ogʻishmay, sabr toqat, matonat bilan harakat qilishdek qobiliyatlari Bogʻot tumani hokimi boʻlib ishlagan 1992-2000-yillarda, ayniqsa yaqqol namoyon boʻldi. Bu yillar mustaqillikka endi erishgan yosh Oʻzbekiston davlati uchun siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy — maʼrifiy sohalarni mustahkamlash uchun bir tan, bir jon boʻlib mehnat qilish lozim boʻlgan yillar edi.
Shunday ogʻir sharoitlarda Shakarjon Xoʻjaniyozova bosh boʻlgan Bogʻot tumani mehnatkashlari mamlakat iqtisodini mustahkamlash, oziq — ovqat va don mustaqilligini taʼminlash, bozor munosabatlariga oʻtish davrida aholining kam taʼminlangan, ijtimoiy nochor qatlamlarini ishonchli va mustahkam himoya qilish kabi davlat siyosatini izchillik bilan hayotga tadbiq qilishda umum oʻzining ishga munosib hissalarini qoʻshdilar.
Shakarjon Xoʻjaniyozova Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni haqli ravishda oʻz ustozi deb bilar va Islom Karimovday oʻzbek xalqining buyuk farzandi, ulkan davlat arbobining nazariga tushgan, mehrini qozongan edi.
Keyingi paytlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va rahnamoligida amalga oshirilayotgan Oʻzbekistonning siyosiy, ijtimoiy — iqtisodiy hayotini chuqur isloh qilish va yangilash, hududlarning mutanosib taraqqiyotini taʼminlashga qaratilgan keng miqyosli, koʻlamdor islohotlarning mazmun — mohiyatini chuqur anglab, ularni targʻib va hayotga tadbiq qilishda alohida oʻrnak va faollik namunalarini koʻrsatdi.
Shakarjon Xoʻjaniyozova qayerda, qaysi lavozimda ishlamasin oddiy va kamtarin, xushmuomala va ziyoli inson boʻlib qolaverdi.
Xoʻjaniyozova Shakarjon Yusupovnaning xalq oldidagi xizmatlari Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan yuqori baholangan. Shakarjon Xoʻjaniyozova «Mehnat shuhrati» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan. «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjalik xodimi» faxriy unvoniga sazovor boʻlgan.
Elimizning qadrli farzandi, ajoyib inson, yurt ravnagʻi va turmush farovonligi uchun tolmas kurashchi Shakarjon Xoʻjaniyozovaning porloq xotirasi qalblarimizda mangu yashaydi».
Ilgizar Sabirov, Maqsud Sapayev, Oʻktam Masharipov, Ergash Yusupov, Sayyora Abdikarimova, Hamza Otaxonov, Oltiboy Rajabov, Matkarim Jumaniyozov, Mansur Masharipov.