Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti tarkibida «Taekvondo va sport faoliyati» fakultetini tashkil etish toʻgʻrisida qarorga imzo chekdi.
Mustaqillik yillarida mazkur sport turi boʻyicha oʻzbekistonlik sportchilar nufuzli xalqaro sport musobaqalarida munosib ishtirok etib, 44 ta oltin, 64 ta kumush va 71 ta bronza medallarini qoʻlga kiritishgan.
Fakultetning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
— taekvondo WTF sport turini oʻqitish va amaliy tayyorlash uslublarini hamda uning tarixi, falsafasi, klassifikatsiyasini oʻzlashtirgan, taʼlim jarayonida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalana oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash;
— xalqaro ilgʻor tajribadan foydalanib, yuqori darajaga ega boʻlgan xorijiy va mamlakatimizning malakali amaliyotchi mutaxassislari va trenerlarini taʼlim jarayoniga jalb etgan holda kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish;
— yuqori malakali trener va oʻqituvchilarni tayyorlash, iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, xalqaro sport musobaqalarida munosib qatnashadigan professional sportchilar tayyorlash uchun ularning koʻnikma va bilimlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy oʻqitish dasturlari va metodlarini ishlab chiqish;
— taʼlim oluvchilarda individual qobiliyatlari va isteʼdodlarini hisobga olgan holda jismoniy tarbiya va sportga oid koʻnikmalarni shakllantirish;
— yuqori intellektual salohiyatga va sport sohasida puxta bilimlarga ega mutaxassislarni tayyorlash;
— respublika va xalqaro sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishadigan hamda Oʻzbekiston milliy terma jamoalari tarkibida ishtirok etadigan iqtidorli sportchilarni tayyorlash;
— oʻqitish va tayyorlashning barcha darajalarida innovatsion metodikalarni joriy etish hamda jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid dolzarb mavzular boʻyicha chuqur ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
— mavjud oʻquv-metodik, moddiy-texnik bazani har tomonlama mustahkamlash va takomillashtirish, taʼlim jarayoniga sportchilar tayyorlashning sifat jihatidan yangi darajasini taʼminlaydigan oʻqitishning zamonaviy texnik vositalarini, pedagogik texnologiyalarni joriy etish.
Oʻzbekiston Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida 2018/2019-oʻquv yilidan boshlab taekvondo WTF hamda sport tadbirlarini tashkil etish va boshqarish taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qabul kvotalarini shakllantirib boradilar.