Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning Birinchi prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash toʻgʻrisida qarorni imzoladi, deb xabar qildi prezident matbuot-xizmati.
Hujjatga koʻra, tashkiliy qoʻmitaga ushbu sanani nishonlash boʻyicha tadbirlar rejasini ikki hafta muddatda ishlab chiqish vazifasi berilgan.
Tadbirlar rejasiga koʻra, 2018-yil yanvar oyida Samarqand shahrida Islom Karimov xotirasiga atab bunyod etilgan maqbara majmuasini ochish, Qarshi shahrida Islom Karimov xotirasiga bagʻishlab haykal oʻrnatish va tantanali ochilish marosimini oʻtkazish va «Oʻzbekkino» Milliy agentligi tomonidan Islom Karimov hayoti va faoliyati haqida hujjatli film yaratish belgilangan.
«Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov faoliyati xronika (solnoma), Karimov qalamiga mansub «Yoshlar bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchidir», «Yuksak maʼnaviyat — yengilmas kuch» asarlari, shuningdek, «Prezidentga maktublar» kitobi nashr etilib, belgilangan tartibda taʼlim maskanlari, axborot-resurs markazlari, madaniy-maʼrifiy muassasalar va mahallalarga yetkaziladi.
Samarqand shahrida «Islom Karimov — Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoschisi» mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkaziladi.