9-yanvar kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Bosh vazir, uning oʻrinbosarlari, tegishli vazirlik va tashkilot rahbarlari ishtirok etgan yigʻilishda prezident axborot texnologiyalari sohasida hali qilinadigan ishlar koʻpligi, erishilgan natijalar boshqa davlatlarga qaraganda ancha past koʻrsatkichda ekanligini qayd etdi.
Qayd etilishicha, axborot texnologiyalari sohasining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi Janubiy Koreyada – 9 foiz, Yaponiyada – 5,5 foiz, Xitoy va Hindistonda – 4,7 foiz, Oʻzbekistonda atigi 2,2 foizni tashkil etadi. Buni axborot-kommunikatsiya rivojlanish indeksi reytingdagi 176 ta mamlakat ichida Oʻzbekiston 95-oʻrinni egallagani isbotlab turibdi.
Yigʻilishda Internet tarmogʻiga ulanish qamrovini kengaytirish va tezligini oshirish, dasturiy taʼminot, telekommunikatsiya sohasida yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan aloqa oʻrnatish, «Elektron Hukumat» tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
«Internetdan 20 million aholi foydalanadi, deb hisobot bergansizlar. Biroq, milliy Internet orqali taklif etiladigan xizmatlar doirasi juda cheklangani sababli, aholining aksariyat qismi Internetdan faqat «Telegram»da yozishma uchun foydalanadi, xolos», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda MDH davlatlari boʻyicha Internetning oʻrtacha tezligi Oʻzbekistondagidan 10 marta yuqoriligi qayd etildi. Aloqa operatorlari chekka hududlarda, avtomobil va temir yoʻllarga yaqin hududlarda telekommunikatsiyalarni kengaytirishga sarmoya kiritmayotgani taʼkidlandi.
Mutasaddilarga Internet narxini keskin arzonlashtirish, tezligini kamida 4 barobarga oshirish, 2020-yilgacha esa MDH davlatlari darajasiga yetkazish chora-tadbirlarini koʻrish boʻyicha zarur topshiriq berildi.
«Xavfsiz shahar» yagona kompleksini yaratish dasturiga muvofiq loyihaning kontseptsiyasiga koʻra, Toshkent shahrida 16 mingdan ortiq kameralar oʻrnatish, Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi va Situatsiya markazlarini tashkil etish belgilangan.
Shuningdek, «Xavfsiz turizm», «Xavfsiz hudud», «112» tizimi, oliy taʼlim muassasalariga imtixon topshirish jarayonlariga videokuzatuv hamda yoʻl harakati qoidalari buzilishlarini roʻyxatga olish tizimlarini joriy etish koʻzda tutilgan.
Yigʻilishda «Xavfsiz hudud» va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
«2018-2021-yillarda «Elektron Hukumat» tizimini yanada rivojlantirish strategiyasi»ni ishlab chiqish, «Mirzo Ulugʻbek innovatsiya markazi» rezidentlari tomonidan koʻrsatiladigan ishlar va xizmatlar hajmini kamida 2 barobarga hamda eksport hajmini 1,8 barobarga oshirish, rezidentlar uchun chet el kompaniyalari bilan hamkorlik qilishda va yangi bozorlarga chiqishda koʻmaklashish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini uch yil ichida jahondagi eng obroʻli 1 000 universitet safiga kiritishni taʼminlash, sohada jahonda yetakchi boʻlgan universitet va kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, professor-oʻqituvchilar va talabalarning xorijiy stajirovkasi va malaka oshirishini keng tashkil etish kerakligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish va buning uchun milliy kadrlar tayyorlash ishlari hali talab darajasida emasligi qayd etildi, mutasaddilarga dunyoning yirik axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi korporatsiyalar bilan tenglasha oladigan milliy operatorimiz va dasturchilarimizning faoliyatini takomillashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Yigʻilishda «Oʻzbektelekom» kompaniyasining ishlash samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya tarmoqlari orqali xalqaro telefon soʻzlashuvini noqonuniy amalga oshirayotgan subyektlarga nisbatan moliyaviy jazo choralarini qoʻllash, xalqaro tajriba asosida pochta tizimini tubdan qayta koʻrib chiqib, yanada rivojlantirish, axborot xavfsizligi kontseptsiyasini ishlab chiqish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.