O‘zaro kelishuvga muvofiq Shavkat Mirziyoyev bilan Nursulton Nazarboyev o‘rtasida 24-aprel kuni telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik faollashgani qayd etildi.
Prezidentlar yaqin yillarda qulay sharoitlar yaratish, biznes sub’ektlari o‘rtasida bevosita va uzoq muddatli sheriklik aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashish, transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyatini oshirish hisobidan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish haqidagi mo‘ljalni tasdiqladilar. Hududlararo, avvalambor, chegaraoldi hududlar o‘rtasida aloqalarni yanada kengaytirish, madaniy-gumanitar munosabatlarni faollashtirish qo‘llab-quvvatlandi.
Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya o‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro siyosatga oid ayrim masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.