O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov (qarorgohi Vashingtonda) Kanada general-gubernatori Jyuli Payyettga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatdi.
General-gubernatorning rasmiy qarorgohidagi marosimdan so‘ng bo‘lgan uchrashuv chog‘ida Kanada rahbari O‘zbekiston «o‘zining buyuk tarixi va dunyoning o‘ta muhim qismidagi strategik joylashuvi bilan» mashhur deb e’tirof etdi.
Bundan tashqari, avval mashhur astronavt bo‘lgan general-gubernator «o‘zbek fani noyob ilmiy ishlanmalarni taklif etish va ularning asosida kosmik apparat qurilmalari va ularning komponentlarini ishlab chiqishni tashkillashtirish orqali kosmosni o‘rganish dasturlariga salmoqli hissa qo‘shganini» ta’kidladi.
Jyuli Payyett astronavt bo‘lgan paytlarida O‘zbekiston haqida ko‘p o‘qigan va eshitganini qayd etib o‘tgan. U Samarqandning buyuk hukmdori va taniqli olim, osmon yulduzlarining eng to‘liq va aniq bo‘lgan kataloglaridan biri – «Ziji jadidi Kuragoniy»ning muallifi, «Galileo Galileyning teleskopni kashf qilishidan 150 yil oldin butun boshli rasadxona bunyod etib, Borliq eshiklarini oshib bergan» Mirzo Ulug‘bek faoliyati bilan tanishligini aytib o‘tgan.
Kanada general-gubernatori ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning joriy darajasi ham ko‘tarilib borayotganini e’tirof etgan. O‘zbekistonning yanada rivojlangan dunyo hamjamiyatining asosiy a’zolaridan biri bo‘lish borasidagi intilishlarini Kanada tomoni qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlangan.
«Men Kanada kompaniyasi «Sky Power»ning qayta tiklanuvchi energetika sohasiga katta miqdordagi investitsiya taklifi bilan O‘zbekiston bozoriga kirib borganini eshitishdan bag‘oyat xursand bo‘ldim», – degan u. Uning fikricha, mazkur loyiha «o‘zaro manfaatli va ikki tomonga ham foydali» hisoblanadi.
Shu bilan birga, u O‘zbekiston va Kanada o‘rtasida «hali bajarish kerak bo‘lgan ishlar» mavjudligini ta’kidlagan. Jumladan, u davlatlar o‘rtasidagi savdo hajmini ko‘paytirish hamda ta’lim sohasidagi hamkorlikni faollashtirish zarurligiga to‘xtalib o‘tgan.
Marosim yakunida yangi tayinlangan elchining Qutboldi mintaqalari, Sharqiy Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo‘yicha TIV Byurosi direktori Ellison LeKler bilan uchrashuvi ham bo‘lib o‘tgan.
Kanadalik diplomat 2019 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston rahbarining Kanadaga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kompleks siyosiy-diplomatik chora-tadbirlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirgan.