Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Milliy universitet tarkibida O‘zbek—Isroil qo‘shma Yuqori texnologiyalar va muhandislik matematikasi fakultetini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasi joylashtirildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi fakultetda bakalavr va magistrlar, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanib, talabalarni o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida o‘zbek, rus va ingliz tillarida, kunduzgi ta’lim shaklida davlat ta’lim standartlari talablari inobatga olingan holda Xolon texnologiyalar institutida (Isroil) qabul qilingan ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiriladi.
Talabalikka qabul qilish va fakultet bitiruvchilarining attestatsiyasi Xolon texnologiyalar institutida belgilangan tartib, talablar va muddatlarga muvofiq, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Fakultet talabalari o‘quv jarayonida Innovatsion rivojlanish vazirligi tasarrufidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi laboratoriyalaridan bepul foydalanadi.
Fakultet bitiruvchilariga O‘zbekiston va Isroilda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.