Milliy Universitetda maqolalar tanlovi o‘tkazilmoqda

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universtetida har yili turli mavzularda ijodiy tanlovlar o‘tkazilishi o‘ziga xos an’anaga aylangan. Mazkur tanlovlarda faol ishtirok etgan yosh iqtidor sohiblari keyinchalik respublika, hatto xalqaro tanlovlarda ham g‘olib bo‘layotganlari, pirovardida, yetuk olim yo ijodkor bo‘lib kamol topayotganlari baayni haqiqat.

Foto: ifors.net

O‘zMU talabalari va magistrlari o‘rtasida o‘tkaziladigan navbatdagi maqolalar tanlovi “Harakatlar strategiyasi – buyuk kelajagimizning yangi bosqichi” mavzusiga bag‘ishlanmoqda. Tanlovning asosiy maqsadi – talabalar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali va tizimli tashkil etish, yoshlarni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, o‘z iqtidorlarini namoyish etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish hamda ularni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Mazkur tanlovda Prezidentning 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishidan iborat Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi “Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir” sarlavhali ma’ruzasini teran o‘rganish va targ‘ib etish hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar bilan talaba-yoshlarni yaqindan tanishtirish, ularni bilimlari, ilmiy va ijodiy salohiyatini yanada oshirish, bo‘sh vaqtini maqsadli tashkil etish va ijodiy intilishlarini munosib rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Tanlovga taqdim etilgan maqolalarda mavzuning mazmun-mohiyati to‘laqonli ochib berilishi, mamlakatda so‘nggi bir yil mobaynida yuz bergan o‘zgarishlarni muallif qanchalik anglab yetganligi, statistik tahlillar va diagrammalardan, mamlakatda amalga oshirilgan islohotlar natijasida erishilgan yutuqlar aks etgan fotolardan mahorat bilan foydalanganligi nazarda tutiladi.

Tanlovning fakultet bosqichi joriy yil 18-19-dekabr kunlari o‘tkaziladi. Unda 1-, 2-, 3-o‘rinni egallagan talabalar tanlovning universitet bosqichida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladilar. Ikkinchi bosqich – 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirok etadigan talabalarning maqolalari to‘plam holida chop etiladi.

Mazkur maqolalar tanlovini o‘tkazish Nizomida qayd etilishicha, 2017-2021-yillarda beshta yo‘nalishdan iborat Harakatlar strategiyasining “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da mamlakatda amalga oshirilgan keng ko‘lamli amaliy ishlar, tizimli islohotlar va turli sohalardagi o‘zgarishlar maqolalarda o‘z ifodasini topishi lozim.

Tanlov hakamlari hay’ati boshqa oliy ta’lim muassasalaridan, jamoat tashkilotlaridan va soha olimlaridan tashkil topgan. Tanlov g‘oliblar diplom hamda pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar. Albatta, bunday imkoniyatlar izlanuvchan va iste’dodli talabalarni yanada ilhomlantiradi.

Axborot xizmati

Latest from Blog