“Men nohaq edim”. Uill Smit Oskardagi tarsaki uchun uzr soʻradi, ammo aktyorning harakati tergov qilinadi

Foto: Spiegel

Kino sanʼati va fanlari akademiyasi yakshanbaga oʻtar kechasi aktyor Uill Smitning “Oskar” taqdirlash marosimidagi harakatini qoraladi va voqea yuzasidan tergov boshladi. Smitga sahnadan rafiqasiga yangragan hazil yoqmadi va u marosimning oʻrtasida mezbon, komik Kris Rokga tarsaki tushirdi. Aktyor uzr soʻradi, ammo janjal kuchayib bormoqda.

Kino akademiyasi oʻz bayonotida voqeaning barcha holatlari va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlarini Kaliforniya shtati qonunlari va uning qabul qilinadigan xatti-harakatlar standartlariga muvofiq oʻrganib chiqishini aytadi.

BBCga bergan sharhida taqdirlash marosimi tashkilotchilaridan biri bunday holatlar Gollivuddagi eng muhim voqeani obroʻsizlantirishini aytdi. “Smit barcha eʼtiborni oʻziga qaratdi. Menimcha, Oskar mukofotlari taqdirlash marosimi zoʻravonlik uchun joy emas. Koʻpchilik hayratda qoldi. U yerda bolalar bor edi”, dedi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan u.

Kino akademiyasi sanʼati va fanlari kodeksida, jamiyat “har qanday suiisteʼmol, taʼqib yoki kamsitishning, shu jumladan odob-axloq qoidalarini buzuvchi xatti-harakatlarga mutlaqo qarshidir” deyiladi.

Keyinchalik Uill Smit Rokdan kechirim soʻradi va uning harakatlarini nomaqbul va kechirib boʻlmas deb atadi.

“Men sizdan uzr soʻrayman, Kris. Men belgilangan chegaradan oshib ketdim va xato qildim”, dedi Smit Instagramda eʼlon qilingan rasmiy bayonotida.

U oʻz xatti-harakatini “rafiqasining kasalligi haqidagi hazilga chiday olmagani sabab emotsional munosabatda boʻlgani” bilan izohlagan. Uzr soʻragach, Smit “sevgi va mehr olamida zoʻravonlikka oʻrin yoʻq”, deya qoʻshimcha qildi.

0039
Foto: Hello Magazine

Aslida nima boʻlgan edi?

Bir kun avval Los-Anjelesda boʻlib oʻtgan 94-Oskar mukofotini topshirish marosimida uning boshlovchisi Kris Rok Uill Smitning alopetsiyadan aziyat chekayotgan (surunkali soch toʻkilishiga olib keladigan kasallik) rafiqasi Jada Pinkett Smitning soch turmagi haqida hazil qildi.

Sahnadan Rok bunday soch turmagi bilan Jadaning “Askar Jeyn 2” filmida rol oʻynashi mumkinligini aytdi. Bu asl filmda bosh rolni oʻynagan Demi Mur sochlarini deyarli kalga olganiga ishora edi.

Rok oʻz hazilini tugatmasidan, Smit sahnaga chiqdi va uning yuziga tarsaki tushirdi. Oʻz joyiga qaytib, xotinining ismini yana tilga olmasligini juda qoʻpol tarzda aytib baqirdi.

Kris Rok vaziyatni hazilga yoʻyishga urinib, u va Smit ushbu marosimni haqiqiy reyting bilan taʼminlaganini aytdi.

Keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda janjal sahnalashtirilgan, yaʼni koʻrsatuvga qiziqishni oshirish uchun tashkilotchilar tomonidan oʻylab topilgan degan taxminlar tarqala boshladi. Biroq, Smit Rokning yuziga zarbasi nayrangga oʻxshamasdi va jonli efirdagi haqoratli soʻzlar Oskar konvensiyasiga zid.

Hollivuddagi reaksiya

Oʻsha oqshom Uill Smit “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida oltin haykalchani qabul qilish uchun yana sahnaga chiqdi. Bu uning aktyorlik faoliyatidagi ilk “Oskar”dir.

Uill Smitning koʻp hamkasblari uning harakatini qoraladi. “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasi nomzodlari Tayler Perri va Denzel Vashington ham vaziyatga salbiy munosabatini bildirishdi.

Rejissyor va ssenariy muallifi Marshall Xerskovits marosimdan keyin ertalab Tvitterda shunday deb yozdi:

“Men aʼzosi boʻlgan Akademiyani Uill Smitga nisbatan intizomiy choralar koʻrishga chaqiraman. U butun jamiyatimizni sharmanda qildi”.

Bundan bir kun avval Smitga topshirilgan Oskar mukofotini olib qoʻyish uchun akademiklarga qoʻngʻiroqlar ham qilingan. Biroq, Hollivud yulduzi Vupi Goldbergning aytishicha, bu ehtimoldan juda yiroq, biroq aktyor boshqa oqibatlarga duch kelishi aniq.

Komediya janri aktrisasi Tiffani Xeddishning aytishicha, Uill Smitning harakati u koʻrgan eng chiroyli vaziyat boʻlgan, chunki u xotinini himoya qilgan.

Fikr bildirish

Latest from Blog